Korporativ ijtimoiy masʼuliyatni bajarish va qishloq xoʻjaligi hamda suv xoʻjaligi tizimlarini boshqarish sohasida innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, Oʻzbekistonda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Huawei kompaniyasi va TIQXMMI oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Memorandum doirasida 5G texnologiyalari, aqlli uzatgichlar va katta xajmdagi maʼlumotlarni intellektual platforma asosida boshqarish, monitoring qilish va qayta ishlash tizimlaridan iborat aqlli qishloq xoʻjaligi loyihasi ishga tushirilmoqda.

“Aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish darajasini oshirish, hosilning holatini nazorat qilish va boshqarishni soddalashtirish, ob-havo harorati, tuproqning namligi, sugʻorish tizimlari holatini tahlil qilish hisobiga tashqi muhitning hosilga taʼsiri ehtimolidan ogohlantirish, shuningdek real vaqt tartibida “aqlli” maydondan video-maʼlumot olish imkonini beradi. Loyiha TIQXMMI mutaxassislari va professorlari tarkibi tomonidan Huawei kompaniyasining ekspert va texnik koʻmagi asosida, shuningdek Suv va Qishloq xoʻjaligi vazirliklari yordami bilan UzMobile milliy mobil operatori tarmoqlarida ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Tadbirda TIQXMMI rektori Oʻktam Umurzoqov bu kabi loyihalar kata oʻzgarishlar uchun kichik bir debocha ekanini taʼkidlab oʻtdi. Oʻzbekistonda qishloq va suv xoʻjaligini raqamlashtirish ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri ekanligiga urgʻu berildi. “Mazkur yondashuv boshqa qishloq va suv xoʻjaligi korxonalarida katta maqsadlarga erishish uchun raqamli texnologiyalarni joriy etishga yaqqol namuna boʻlib xizmat qilishi mumkin. Shuningdek yosh avlod tarbiyasida, yuqori malakali muhandis va mutaxassislarni yetkazib berishda institutimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning bir koʻrinishidir. Oʻylaymanki Huawei kompaniyasining innovatsion yondashuvi Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa kompaniyalarga oʻrnak boʻladi”, — dedi janob Umurzoqov.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan hamkorligimiz koʻp yillik tarixga ega va shu yillar davomida biz koʻp jihatdan oʻzaro bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab kelmoqdamiz. Joriy yilning boshidan hamkorlikda institut Maʼlumotlar markazini ishga tushirdik, shuningdek oʻqituvchilar uchun amaliy mashgʻulotlar oʻtkazdik va raqamli koʻnikmalarini oshirdik. Memorandumni imzolash marosimi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi va beshinchi avlod tarmoqlari hamda innovatsion texnologiyalardan foydalanish hisobiga qishloq va suv xoʻjaligi sektori uchun ochiladigan istiqbollarni namoyish etish imkonini beradi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – Oʻzbekistonda dehqonlarning koʻp mehnat talab qiladigan ishlarini soddalashtirish va shu bilan birga samaradorligini oshirish hamda atrof-muhitga gʻamxoʻrlik qilish, mamlakatning tabiiy boyliklaridan oqilona foydalanish darajasini oshirish”, — deya taʼkidladi Oʻzbekistondagi Huawei kompaniyasining direktori Lyu Tszyasin.
Huawei Uzbekistan kompaniyasi 20 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va turli iqtisodiy sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali aholining ijtimoiy rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshish va foyda keltirishga harakat qilmoqda. 2020-yilda kompaniya bir qator ijtimoiy loyihalarni va taʼlim loyihalarini amalga oshirdi. Jumladan, Toshkent shahridagi ikkita maktabni raqamlashtirish uchun uskunalar yetkazib berildi, IT-universitetlari talabalari uchun “Seeds for the Future” oʻquv loyihasi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning AKT sharhlovchisi” tanlovi, shuningdek, “Ezgu Amal” jamoatchilik fondi bilan hamkorlik ishlari amalga oshirildi. Shuningdek UNDUNDP Uzbekistan bilan birgalikda Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha tashabbusda ishtirok etdi.