“Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilarning qulayligi uchun Telegram bot ishga tushirdi

    Energetika 13 Aprel 2021 2849

    Ushbu Telegram bot GNHAT (ASKUG) tizimiga ulanmagan gaz hisoblagich koʻrsatkichlarini mustaqil tarzda gaz idorasiga yuborish uchun ishlab chiqildi.

    Endi “Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilari nafaqat gaz hisoblagich koʻrsatkichlarini mustaqil tarzda oʻzlari kiritishlari, balki tabiiy gaz isteʼmoli hajmi boʻyicha barcha zarur maʼlumotlarni olishlari, roʻyxatdan oʻtishlari va shaxsiy hisob raqamlarini doimiy tekshirishlari, shuningdek, gaz taʼminoti uchun toʻlovlarni ham amalga oshirishlari mumkin. Buning uchun “Telegram” messenjeriga kirib, “qidiruv” qismiga @hgt_abonent_bot deb yozish kifoya. Mazkur botning barcha imkoniyatlari va undan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma bilan mana bu yerda yaqindan tanishish mumkin.

    Shuni taʼkidlash kerakki, dasturni ishga tushirish gaz hisoblagich koʻrsatkichlarini uzatishni onlayn rejimga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlib, aynan shu sababli tizimdagi inspektor lavozimlari bekor qilindi. Qabul qilingan ushbu qaror, gaz yetkazib beruvchi va abonent oʻrtasida oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlarni oʻrnatish, shuningdek, “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi”ga (GNHAT/ASKUG) ulanmagan gaz hisoblagichlaridan tabiiy gaz isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “BillingGaz” tizimiga kiritishda inson omilini qisqartirishga imkon beradi.

    Fursatdan foydalanib, “Hududgaztaʼminot” AJ abonent va tabiiy gaz yetkazib beruvchisi oʻrtasidagi amaldagi kelishuvga binoan, isteʼmol qilingan “zangori yoqilgʻi” uchun toʻlovlarni har oyning 10-kunigacha amalga oshirish kerakligini eslatadi. Yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun toʻlov, shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlanmagan taqdirda, isteʼmolchi yetkazib beruvchiga gaz yetkazib berish shartnomasiga muvofiq, toʻlovi kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlov miqdorining 50 foizidan koʻp boʻlmagan holda, 0,1 foiz miqdoridagi penya toʻlaydi, deb xabar beradi “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali barcha savol va takliflar yuzasidan, 1104, 712000804, 712021104 telefon raqamlari orqali yoki “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidagi “Gaz taʼminoti muammolari va ularni hal etish yoʻllari” guruhiga murojaat qilish kerakligini eslatadi.