“Hududgazta'minot” AJ ogohlantiradi!

    Is gazidan zaharlanish va “zangori” yoqilg'ining sizib chiqishi bilan bog'liq baxtsiz hodisalar asosan kechqurun va tunda sodir bo'lmoqda.

    “Hududgazta'minot” AJ rasmiy axborot manbalari orqali shu kunlardagi ob-havo sharoitida aholidan gaz ta'minotidan foydalanishda ehtiyotkor bo'lishni so'ramoqda. Bu haqida “Hududgazta'minot” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

    Respublika bo'ylab havo haroratining keskin pasayishi va qor yog'ishi munosabati bilan aholi orasida tabiiy va suyultirilgan gaz iste'moli, shuningdek, isitish moslamalaridan foydalanish keskin oshmoqda, deyiladi xabardi.

    Tahlillar shuni ko'rsatyaptiki, is gazidan zaharlanish va “zangori” yoqilg'ining sizib chiqishi bilan bog'liq baxtsiz hodisalar asosan kechqurun va tunda sodir bo'lmoqda.

    Shu munosabat bilan “Hududgazta'minot” AJ iste'molchilardan uxlashdan avval xonadonlardagi gaz uskunalari, xususan, gaz plitalari, isitish moslamalari, shuningdek, mo'rilarni tekshirish lozimligini yana bir bor eslatib o'tadi.

    YODDA TUTING:

    - xonadonlarni isitish uchun qo'lbola moslamalar (“tarakan” pechkasi, “qozonli pechka”, “sandal”)dan foydalanmang;

    - binolardagi havo kirish-chiqish tizimi (ventilyatsiya) va dudburonlar sozligini tekshiring;

    - yetarlicha havo almashinuvi bo'lmagan xonalarda uxlamang;

    - xonadoningizni gaz plitalari yordamida isitishga urinmang.

    Hurmatli iste'molchilar! “Hududgazta'minot” AJ Sizdan isitish moslamalaridan foydalanganda o'ta ehtiyotkor bo'lishni, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni, shuningdek, “zangori” yoqilg'idan oqilona va isrofgarchiliksiz foydalanishni iltimos qiladi.

    Elektr energiyasidan foydalanishdan oldin xonaga kirib, gaz hidi (boshqa begona hidlar) yo'qligiga ishonch hosil qiling va shundan keyingina elektr chirog'ini yoqing.

    Agar sizda gaz ta'minoti bilan bog'liq muammolar yuzaga kelsa, kecha-kunduz ishlovchi 1104 koll- markazi, 104 avariya-dispetcherlik xizmati, shuningdek, “Facebook” ijtimoiy tarmog'ining “Gaz ta'minoti muammolari va ularni hal qilish yo'llari” hamda “O'zbekiston uy-joy kommunal xo'jaligi” ijtimoiy guruhlariga murojaat qilishingiz mumkin.

    “Hududgazta'minot” AJ xonadoningizga fayzu baraka, iliqlik va farovonlik tilaydi!