Havo haroratining keskin pasayishi va qor yogʻishi munosabati bilan tabiiy gaz isteʼmoli sezilarli darajada oshmoqda.
Joriy yilning 4-dekabrida mamlakat aholisiga (3,9 milliondan ortiq isteʼmolchiga) 68 mln. kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. (2021-yil 4-dekabrda — 55,8 mln. kub metr, yaʼni joriy yil 21% ga koʻproq yetkazib berildi). Shunga qaramay 516 ta mahallada yoki 79 ming isteʼmolchida gaz bosimining pasayishi kuzatildi, 14 ming isteʼmolchida esa gaz taʼminoti vaqtincha toʻxtatildi.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “zangori” yoqilgʻi bilan taʼminlash maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan 10 mingdan ortiq soha xodimlari jalb qilinib, ular mahallalar kesimida muammolarni hal qilish uchun barcha saʼy-harakatlarini ishga solmoqdalar.
Xususan, “Binokor” va “Bektemir” gaz taqsimlash stansiyalarida chiqish bosimini oshirish ishlari olib borilmoqda va bu poytaxtimizning Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yakkasaroy, Mirobod va Sergeli tumanlarida tabiiy gaz bosimining yaxshilanishiga imkon beradi.
“Oʻztransgaz” AJ mutaxassislari bilan birgalikda Yangiyoʻl tumani aholisining gaz bilan taʼminlanishini yaxshilash masalalari hal etilmoqda, jumladan “Yangiyoʻl” mahallasi Zafarobod koʻchasi boʻylab joylashgan 30 ta xonadonda bu masala hal etildi, “Chamanzor” mahallasida esa bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Poytaxtdagi AGQKSHning ish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritildi, jamoat va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega transportlarga yoqilgʻi quyish ishlari tunda ham amalga oshirilmoqda. Cheklovlar aholi va ijtimoiy soha obektlaridan tashqari boshqa isteʼmolchilarga qoʻyiladi.
Fursatdan foydalanib, barcha isteʼmolchilarni “zangori” yoqilgʻi bilan taʼminlash maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ hurmatli fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishlarini va birinchi navbatda zarur boʻlgan gaz jihozlarini ishlatishni, uydan chiqib ketayotganda esa isitish moslamalarining haroratini iloji boricha pasaytirishni iltimos qiladi.
“Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati aholi va ijtimoiy obektlarni oʻz vaqtida tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida isteʼmolchilarni xabardor qilishni davom ettiradi.
Barcha murojaatlar, shikoyatlar va takliflar 1104 call-markazi va 104 dispetcherlik xizmati raqamlari, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmogʻida gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni hal qilish uchun ochiq guruhi orqali qabul qilinadi, — deyiladi "Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati bayonotida.