“Hududgaztaʼminot”: Metan “zapravka”larga limit qoʻyilgani haqidagi xabarlar asossiz

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “metan zapravkalarga limit qoʻyilmoqda” mazmunidagi xabarlarni «Hududgaztaʼminot« AJ matbuot xizmati rad etib chiqdi.

    Qayd etilishicha, Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida gaz taʼminoti tizimidagi ayrim gaz taqsimlash stansiyalarida texnik-profilaktika ishlari amalga oshirilgan.

    “Taʼmirlash ishlari olib borilgan vaqtda gaz bosimi pasaygani sababli ayrim metan zapravkalar faoliyatida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilgan”, deyiladi "Hududgaztaʼminot" AJ xabarida.

    Taʼkidlanishicha, hozirda respublika boʻyicha metan “zapravka”lar belgilangan tartibda faoliyat yuritmoqda. Tabiiy gaz ularga gaz taʼminoti korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida yetkazib berilmoqda.

    “Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon yoki tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatish orqali aholi orasida sarosima va shubha uygʻotish holatlari qonun bilan taqiqlangani hamda bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilangani eslatib oʻtiladi”, deyiladi xabarga qoʻshimcha ravishda.