Diametri 1020 mm va uzunligi qariyb 8 kilometrni tashkil etuvchi yangi gaz taqsimlash tarmogʻi 13 ta avtomobil yoʻli va 2 ta kollektorni kesib oʻtadi. Sergeli tumanidagi qurilish maydonchasiga 7930 metr quvur yetkazib berilib, shundan, bugungi kunga qadar 6100 metr quvurlarni oʻrnatish ishlari yakunlandi. Obyektdagi qurilishga 80 ga yaqin mutaxassis va 22 ta maxsus texnika jalb qilingan va barcha ish jarayonlari “Hududgaztaʻminot” AJning maxsus shtabi tomonidan nazorat qilinmoqda.
Gaz taqsimlash tarmogʻining foydalanishga topshirilishi poytaxtimiz yagona gaz tarmogʻi halqasini yaratish va buning natijasida isteʼmolchilarga barqaror tabiiy gaz yetkazib berishni taʼminlaydi, xususan, Chilonzor, Uchtepa, Yakkasaroy, Mirobod va Shayxontohur tumanlarining tabiiy gaz taʼminotini tubdan yaxshilash imkonini beradi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda poytaxtimizda 671 mingdan ziyod jismoniy va 13 mingga yaqin ulgurji isteʼmolchilar mavjud boʻlib, ularga joriy yilda 4 milliard metr kubdan ziyod tabiiy gaz yetkazib berildi, bu oʻtgan 2019-yilga nisbatan 10 foizga koʻpdir.