Sardoba tumani Doʻstlik mahallasidagi 37 ta, Mirzaobod tumani Navbahor mahallasidagi 18 ta va Haqiqat mahallasidagi 40 ta yangi qurilgan koʻp qavatli uylardagi xonadonlarga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini (telefon aloqasi, internet, IP-televideniye xizmatlari) koʻrsatishni tashkil etish maqsadida koʻp qavatli uylar orasiga 2,87 kilometr aloqa quvurlari yotqizildi, 11,45 kilometr aloqa tarmoqlari qurildi, 132 ta 3168 portli zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari oʻrnatildi.
Oqoltin tumani, Saxovat MFYdagi 14 maktabga zamonaviy kompyuterlar taqdim etildi. Informatika xonasida masofaviy onlayn taʼlim tashkil etildi.
Mahalla hududida qurib bitkazilgan kutubxonaga zamonaviy kompyuterlar taqdim etildi. Kutubxonada yuqori tezlikdagi internet xizmati hamda Wi-Fi hudud tashkil etilib, kitobxonlar uchun Alisher Navoiy Milliy kutubxonaning axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlariga onlayn tarzda kirish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, yaqinda Mirzaobod tumani “Navbahor” mahallasi hududida yangi va zamonaviy “Navbahor” pochta aloqa boʻlimi foydalanishga topshirildi. Mazkur pochta aloqa boʻlimi aholiga zamonaviy pochta xizmatlarini koʻrsatish va qulayliklar yaratish maqsadida yuqori tezlikdagi internet, kompyuter va infokiosk qurilmalari bilan taʼminlanib, u yerda anʼanaviy pochta xizmatlari, tezkor pochta xizmati, elektron pul oʻtkazmalari, davriy nashrlar sotuvi, obuna hamda yuridik va jismoniy shaxslardan kommunal toʻlovlarni qabul qilish kabi 40 dan ziyod xizmat turlari yoʻlga qoʻyildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.