Prezidentning joriy yil 17-yanvardagi PQ-12-son qarori bilan 2025-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida mikrosanoat markazlarini barpo etish loyihalarining manzilli roʻyxati tasdiqlangan edi.
Vazirlar Mahkamasining shu yil 8-maydagi “Hududlarda mikrosanoat markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 308-son qarori bilan mikrosanoat markazlari uchun yer uchastkalarini ajratish va ularda tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish tartibi ishlab chiqilgan.
Mikrosanoat markazlari hududlarning ixtisoslashuvi va tadbirkorlik anʼanalari (hududlarning drayveri), yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek, xorijiy davlatlar (Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya) tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqiladigan alohida konsepsiya asosida barpo etilishi belgilandi.
Mikrosanoat markazlarida hunarmandchilik, tikuvchilik, poyabzalchilik, qandolatchilik va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlari bilan shugʻullanadigan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari joylashtiriladi.
Mikrosanoat markazlariga ishlab chiqarishlarni joylashtirishda tabiiy gazga muqobil boʻlgan yoqilgʻi turlaridan va energiya tejamkor texnologiyalardan (geliokollektor, issiqlik nasosi, quyosh panellari, issiqlikni qayta tiklash-rekuperatsiya qilish va boshqalar) foydalanishga ustuvorlik beriladi.
Mikrosanoat markazlarini qurish uchun yer uchastkalari tashabbuskor pudrat tashkilotlariga elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotiladi.
Hujjat bilan Hududlarda mikrosanoat markazlarini barpo etish hamda ularga kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish boʻyicha ishchi guruhlarning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.