Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 18 Dekabr 2020 8971

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalari uchun infratuzilma yaratishda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

    1. 2021 yilda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalari uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish tadbirlariga O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 1 trillion so‘m ko‘zda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    2. Belgilab qo‘yilsinki:

    a) maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish tadbirlari:

    ichimlik suvi, oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – Davlat byudjeti mablag‘lari;

    elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – tegishlicha ta’minotchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq ta’minotchi korxonalarga haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 5 foiz stavkada uch yil muddatda qaytarish sharti bilan ajratiladigan byudjet ssudasi mablag‘lari;

    aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – ta’minotchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq ta’minotchi korxonalarning
    hamda tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z mablag‘lari;

    b) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar va tadbirlarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (ta’mirlash) ishlari bo‘yicha – Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

    3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    byudjet ssudasi mablag‘lari elektr energiyasi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga hamda tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun “Hududgazta’minot” AJga ajratiladi;

    maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladi.

    4. Vazirlar Mahkamasi:

    ikki hafta muddatda 2021-2022 yillarda maxsus iqtisodiy zonalarni va kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlashga oid chora-tadbirlarning manzilli ro‘yxatlarini;

    2021 yil 1 aprelga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish maqsadida qiymati 250 milliard so‘m miqdordan oshadigan xorijiy va mahalliy investorlarning investitsiya loyihalari tashqi infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

    5. Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlashga davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilishining maqsadga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

    6. Maxsus komissiya (T.A.Ishmetov):

    har oy yakuni bilan joylardagi maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlanganlik holati tanqidiy o‘rganib chiqilishini;

    Davlat byudjetidan, shu jumladan, byudjet ssudasi hisobidan tashqi muhandislik-kommunikatsiya nfratuzilmasi bilan ta’minlash bo‘yicha taqdim etilgan takliflarni ko‘rib chiqish va tegishli xulosa berishni;

    tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlashda moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritib borishni hamda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash uchun ajratiladigan mablag‘larning eng maqbul yo‘nalishini belgilashni;

    tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish bilan bog‘liq tadbirlarga Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning natijadorligini ta’minlasin.

    Maxsus komissiyaning ishchi organi etib Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi belgilansin.

    7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yildan boshlab, har yili Davlat byudjetining asosiy parametrlarini shakllantirishda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlari uchun ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy
    va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilishini ko‘zda tutsin.

    8. Hisob palatasi Moliya vazirligi bilan birgalikda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlariga ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

    9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2020 yil 18 dekabr