Respublikamizda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining “O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish” qo'shma loyihasi amalga oshirilmoqda.

O'tgan yili COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida ishga tushirilga ushbu dastur aholining biznes yuritish mahoratini oshirish, loyihalari uchun qurilmalar ko'rinishida texnik yordam ko'rsatishga qaratilgan.

Loyiha doirasida Namangan viloyati va Andijon shahrida kichik hamda o'rta biznes vakillariga yangi loyihalarni ishga tushirishi yoki mavjud bo'lgan loyihalarni kengaytirishi uchun qurilmalar topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Tashabbus ishtirokchilari ayollar va yoshlar uchun yaratiladigan yangi ish o'rinlari soni, kelajakda loyihani kengaytirish, takrorlash imkoniyatlari va salohiyati, kasbiy mahoratni oshirish, ish topish va daromad topish sharoitlarini oshirishga qaratilgan ijtimoiy ta'sirning ta'minlanishi kabi mezonlar bo'yicha saralab olindi.

Namangan viloyatida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining “Farg'ona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining ko'nikmalarini moslashtirish” yangi loyihasining taqdimoti hamda "O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish" qo'shma loyihasi doirasida kichik va o'rta biznes vakillariga yangi tashabbuslarni ishga tushirish yoki mavjud bo'lgan loyihalarni kengaytirish uchun umumiy qiymati 195 million so'mga teng qurilmalar topshirish marosimi bo'lib o'tdi. YAngi boshlanayotgan loyiha aholi, ayniqsa, Farg'ona vodiysi yoshlari, talabalar va ishsizlar orasida tadbirkorlik va kelajakdagi ko'nikmalarni, bandlikni ta'minlash va tadbirkorlik imkoniyatlarini oshirish orqali qashshoqlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Andijon shahrida o'tgan tadbirda esa tadbirkorlarga beg'araz yordam sifatida umumiy qiymati 222 million so'mga teng 55 dona ishlab chiqarish qurilmalari va maxsus uskunalar topshirildi. Ushbu tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish natijasida Andijon viloyatida ayollar va yoshlar uchun 34 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi va 17 nafar ayollarhamda yoshlarga zamonaviy kasb-hunarlarni o'rganishi, tadbirkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Ma'lumot uchun: Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining "O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish" qo'shma loyihasi doirasida hamda Yaponiya hukumatining moliyaviy ko'magida mamlakatimizning Andijon (7), Namangan (6), Jizzax (6), Navoiy (5), Qashqadaryo (5) va Surxondaryo (5) viloyatlaridan saralab olingan 34 nafar tadbirkorga (ulardan 21 tasi yoki 61,7 foizi ayollar) umumiy qiymati 1 176 940 669 so'mlik jami 323 dona zamonaviy tikuv va IT asbob-uskuna, mebel va jihozlar topshirildi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish natijasida 187 ta, shulardan 132 tasi (yoki 70% dan ortig'i) ayollar uchun yangi ish o'rinlari yaratilishi kutilmoqda. 159 ta ayollar va yoshlarga ish topish va daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish sharoiti yaratiladi.