“Yuksalish” umummilliy harakati hamda “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida “COVID-19 pandemiyasining Oʻzbekiston fuqarolik jamiyatiga taʼsirini kamaytirish dasturi” loyihasini (qiymati 1 million yevro) ishga tushiradi. Loyiha mamlakatimiz hukumatiga koʻmaklashishga qaratilgan.
Loyiha tashabbuskorlari joriy yil 16-aprelda boʻlib oʻtgan milliy maslahat uchrashuvida Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan “COVID-19 pandemiyasining Oʻzbekiston fuqarolik jamiyatiga taʼsirini kamaytirishga koʻmaklashish” dasturi haqida maʼlum qilgan edi.
Xalqaro moliya institutlari tashqi savdo va ichki iqtisodiy taʼsirlarning qisqarishi tufayli Oʻzbekistonda oʻsish surʼati taxminan 1,5 foizgacha pasayishini taxmin qilishgan. Pandemiya bozor iqtisodiyotiga oʻtish, xususiy sektorlarning oʻsishi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda erishilgan yutuqlarga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishi tufayli ishsizlar soni sezilarli darajada oshdi. Pandemiya sababli aholining zaif qatlamlari yana-da zaiflashish, rivojlanayotgan mamlakatlar va uyushmalar esa oʻsishdan ortda qolish xavfi ostida. Mamlakatga qaytayotgan mehnat migrantlari sonining oshishi ham davlatning ijtimoiy himoya va sogʻliqni saqlash tizimiga ogʻirlik qiladi.
Pandemiya tufayli joriy qilingan ijtimoiy masofani cheklash choralari nogironligi boʻlgan shaxslarning uyida boʻlib turgan holda doimiy yordam olish imkoniyatlarini chekladi. Virusning tarqalishi nogironligi boʻlgan shaxslarning izolyatsiyada qolishini yana-da kuchaytirdi, tizimdagi boʻshliqlarni va atrof-muhit (shifoxonalar, uy xoʻjaliklari, karantin muassasalari va boshqalarni)ga toʻsiqlarni keltirib chiqardi.
Yevropa Ittifoqining mazkur dasturi gumanitar, tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Loyiha qisqa muddatli ehtiyojlarni hamda jamiyat va iqtisodiyotga yana-da uzoqroq muddatli tarkibiy taʼsirlarni nazarda tutadi, bu bilan noturgʻunlik xavfini kamaytiradi. U ham davlat, ham nodavlat tashkilotlari faoliyatini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan.
Dastur doirasida 18 oy davomida Andijon, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining olis qishloq hududlarida aholining ehtiyojmand qatlamlarini aniqlashga, moddiy va nomoddiy yordam koʻrsatishga koʻmaklashish rejalashtirilgan.
Xususan, uchta nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar quyidagilarga qaratiladi:
– 350 ta oilaga 3,5 million soʻmdan pul mablagʻi ajratish (jami 1,3 milliard soʻm);
– 185 ta startap loyihalarga grant ajratish (jami 3 milliard soʻm);
– 12 ta tibbiyot muassasalarini jihozlash (jami 1,5 milliard soʻm);
– 400 nafar mehnat migrantlariga koʻmaklashish (jami 800 million soʻm);
– 12 ta olis qishloq hududlarida kichik infratuzilmani yaxshilash;
– “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan 2 000 nafar fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha treninglar tashkil etish;
– 900 nafar Xalq qabulxonalari va mahalla tizimi vakillari, profilaktika inspektorlarining malakasini oshirish, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.