Aniqlanishicha, viloyatdagi atrof-muhitga ta'sir ko'rsatuvchi korxonalar joylashgan tumanlar ichida O'zbekiston tumani Sho'rsuv mahallasi hududidagi 35 ta (shundan, 5 tasi sement, 27 tasi gips, 2 tasi pishgan g'isht va 1 tasi shifer) qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar mavjud.

Mazkur hududdagi korxonalar faoliyatida tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablarining bajarilishi yuzasidan mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan o'rganish va xatlov o'tkazildi.

Xatlov natijasi bo'yicha Sho'rsuv shaharchasida joylashgan qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta'sirlarni kamaytirish hamda korxonalarni ekologik talablar asosida modernizatsiyalash Dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

Dastur ijrosi doirasida quyidagi muhim vazifalar qamrab olingan:

Qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash orqali atmosferaga yillik tashlanayotgan 400 tonnaga yaqin ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldini olish, shuningdek, atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarida namunalar olish va tahlil qilish bo'yicha avtomatik stantsiyalar o'rnatish. Buning evaziga atrof-muhitga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarning ekologik talablar doirasidan oshmasligi ta'minlanadi.

Shuningdek, hududga o'rnatiladigan kuzatuv postlari orqali atmosfera havosining ifloslanish darajasini doimiy kuzatib borish yo'lga qo'yiladi.

Ekologik ekspertiza yo'nalishi hamda kon qazish hamda qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishda hosil bo'ladigan sanoat chiqindilarini boshqarish faoliyati tartibga solinadi.

“Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida korxonalar atrofida 2 va 4 qatorli daraxt ko'chatlarini ekish evaziga “yashil belbog'"lar barpo etiladi.

Mazkur ishlarning uzviy davomi sifatida hozirda Qo'mita tomonidan mamlakatimiz hududlarida barqaror ekologik vaziyatni saqlash va ekologik fojialarning oldini olishga qaratilgan 2022-2026 yillarda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan Dastur loyihasi ishlab chiqilmoqda, deb xabar beradi Davlat ekologiya qo'mitasi Axborot xizmati.