Hududlarni rivojlantirish uchun 1,5 trillion soʻm ajratiladi

    Mamlakatimizda 17 Oktabr 2020 3937

    2020-yil 16-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning PQ-4864-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, 2021-yilda Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 17,1 trillion soʻm, shuningdek, Prezident topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 1,5 trillion soʻm mablagʻlar ajratiladi.

    Tuman markazlari va shaharlarning meʼmoriy qiyofasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirishga 2021-yilda 1,4 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.

    Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga ularning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan mablagʻlar ajratilishi munosabati bilan, ularga yoʻnaltiriladigan markazlashgan investitsiya hajmlari mos ravishda qisqartiriladi.

    2022-yildan byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladi.

    Qarorga koʻra, 2021-yilda eksperiment tariqasida 10 ta obyektga injiniring xizmatlarini koʻrsatish uchun tadbirkorlar jalb etiladi.

    Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamkorligida “Davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA)” tizimi sinov tariqasida ayrim tarmoqlarda qoʻllaniladi, keyinchalik bosqichma-bosqich keng joriy qilinadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.