Iqtisodiy faollik barometri hududlar iqtisodiyotining rivojlanishini muntazam ravishda baholashga qaratilgan boʻlib, faollikning pasayishini bartaraf etish boʻyicha zarur choralarni koʻrish hamda hududlar oʻrtasida faol raqobat muhitini shakllantirish imkonini beradi.
PMTI matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, iqtisodiy faollik barometrini aniqlashda 12 ta koʻrsatkichdan iborat 3 ta muhim tarkibiy qism, yaʼni ishlab chiqarish, tadbirkorlik, tashqi savdo faolligidan foydalaniladi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, 2021-yilda yurtimiz hududlari boʻyicha Toshkent shahri, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida iqtisodiy faollik nisbatan yuqori boʻlgani aniqlandi. Bunga Samarqand va Fargʻona viloyatlarida asosan tashqi savdo koʻrsatkichi, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida esa tadbirkorlikning faolligi sabab boʻlgan.
Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Fargʻona va Sirdaryo viloyatlarining Iqtisodiy faollik barometrida 2020-yildagiga nisbatan ijobiy oʻsish kuzatilgan.