Bojxona organlari tomonidan yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idorasi” temir yoʻl chegara bojxona posti xodimlari tomonidan bir qator huquqbuzarlik holatlariga chek qoʻyildi.
Jumladan, post xodimlari tomonidan xorijdan maʼsuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga temir yoʻl konteynerida keltirilgan tovarlar jamiyat vakillari ishtirokida bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.
Natijada, konteynerda hujjatlarda koʻrsatilmagan, umumiy qiymati 3 mlrd. 452 mln. soʻmlik 181 ming 848 dona qoʻlqoplar, 160 ming dona zararkunandalarga qarshi vositalar, 2 ming donadan ortiq elektron tarozilar hamda 50 mingdan ortiq boshqa xoʻjalik tovarlari borligi aniqlandi.
Yana bir holatda esa, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda xorijdan keltirilgan yana bir yuk konteynerini koʻzdan kechirishdi.
Natijada, konteynerlarda hujjatlarda koʻrsatilmagan, qiymati 505 mln. soʻmlik 9 turdagi maishiy buyumlar va ehtiyot qismlar tovarlari borligi aniqlandi.