Bojxona xodimlari yurtimizga tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirishga urinish holatlariga oʻz vaqtida chek qoʻyishmoqda.

Kuni kecha Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara bojxona posti xodimlari qoʻshni davlatdan yurtimizga kirib kelgan yuk avtomashinasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazishdi.

Bojxona koʻrigi davomida yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagan, qiymati salkam 439 mln. soʻmlik, 29 oʻrinda “metall iplar” tovarlarining borligi aniqlandi.

Yana bir holatda mazkur postga kirib kelgan yuk avtomashinasi “Inspeksion koʻrik majmuasi” orqali belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazildi.

Natijada yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagan umumiy qiymati 262 mln. soʻmlik jami 63 nomdagi 1161 dona avtoehtiyot qismlari borligi aniqlandi.