Hujjatlardagi “mebel qogʻozlari” gulqogʻozlar boʻlib chiqdi

    Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Ayrim shaxslarning qiymati yuqori boʻlgan tovarlarni yuk hujjatlarida koʻrsatmagan holda mamlakatimizga olib kirishga boʻlgan urinishlariga bojxona xodimlari tomonidan oʻz vaqtida chek qoʻyilmoqda.

    Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan “Chuqursoy” TIF bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda xorijdan 3 ta temir yoʻl konteynerida maʼsuliyati cheklangan jamiyatlar nomiga keltirilgan “mebel qogʻozi” tovarlari bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada, yuk hujjatlariga asosan “mebel qogʻozi” deya koʻrsatilgan tovarlar oʻrniga hujjatlarda qayd etilmagan qiymati 2,1 mlrd.soʻmlik gulqogʻozlar borligi aniqlandi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur tovarlarga 651,9 mln.soʻm miqdorida qoʻshimcha bojxona toʻlovlari xisoblandi.