Unda deputatlar “Umumtaʼlim maktablarida oʻqituvchilarga yaratilgan mehnat sharoitlari hamda ular faoliyatini baholash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida”gi masalani muhokama qildilar. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Deputatlarning ushbu masala yuzasidan savollariga Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Temurjon Komilov javob berdi. T.Komilovning taʼkidlashicha, keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi Oʻzbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Xususan, mamlakatimizda taʼlim tizimini takomillashtirish, oʻqituvchi va muallimlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Deputatlar umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari faoliyatini baholash, ragʻbatlantirish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi va mexanizmlari hamda mazkur tizimning adolat prinsipi asosida ishlashi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdilar.
Vazir oʻrinbosari oʻz javobida xalq taʼlimi xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga barham berilgani tufayli 59 ming nafar pedagog-xodimlarning huquqlari himoya qilinib, 2021-yilning oʻzida 2 nafar mansabdor shaxslardan 24,5 million soʻm jarima undirilganini qayd etdi. Shuningdek, boshqa tarmoq sohalaridan farqli ravishda ilk marotaba belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga bogʻliq boʻlmagan holda, pedagog xodimlarning ish haqi 1,5 baravarga oshirilgan.
Natijada oxirgi toʻrt yilda xalq taʼlimi tizimiga qariyb 40 ming nafar erkak oʻqituvchi qaytdi. Oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchilar soni 67 ming nafardan 49 ming nafarga kamayishiga erishildi. Eng muhimi, pedagog-xodimlar tomonidan yuritiladigan hujjatlar kamaytirilib, pensiya yoshiga toʻlgan pedagog kadrlar navbatdagi attestatsiyaga jalb etilmaydigan boʻldi. Attestatsiyadan oʻtganlik muddati tugashidan qatʼiy nazar ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi) saqlab qolinadi hamda mazkur malaka toifasi boʻyicha haq toʻlanadi.
T.Komilov javobida attestatsiya yilda ikki marotaba oʻtkazilishi belgilangani natijada bir yilning oʻzida toifaga ega boʻlgan oʻqituvchilar soni 260 mingdan 379 mingga oshgani, bugungi kunga kelib toifaga ega boʻlgan oʻqituvchilarning salmogʻi 51 foizdan oshgani taʼkidlandi. Vaholanki, bundan 3-4 yil avval bu koʻrsatkich 30 foizga ham yetmagan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi tegishli qaroriga asosan olis va chekka hududdagi hamda taʼlim sifati past boʻlgan maktablarga dars berish uchun jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchining bazaviy tarif stavkalariga viloyat doirasida boshqa tuman(shahar)dan kelsa 50 foiz, boshqa viloyatdan kelsa 100 foiz maxsus ustamalar joriy qilingan.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 6-noyabrdagi farmoniga muvofiq, olis hududlarda joylashgan maktablarga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.
Keyingi yillarda umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qayta qurish, ularni moddiy texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida ham soʻz yuritildi. Taʼkidlab oʻtilganidek, taʼlim berish uchun zarur moddiy-texnik bazani mustahkamlash borasida oxirgi toʻrt yil davomida 134 ta maktab qurildi. 2 965 ta maktab qayta rekonstruksiya qilingan holda, taʼmirlangan.
Shuning barobarida, 437,6 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga 3 444 ta umumtaʼlim maktablariga oʻquv inventar, mebel va jihozlar yetkazilgan boʻlsa, ushbu davrda zamonaviy kompyuter bilan taʼminlanganlik darajasi 62,5 foizga yetkazildi. 9 419 ta umumtaʼlim maktabiga keng polosali Internet tarmogʻi yetkazilib, 5 300 ta maktab kompyuter sinf xonalariga lokal tarmoq hamda oʻqituvchilar xonasi Wi-Fi qurilmalari oʻrnatildi.
Joriy yil yakuniga qadar esa jami 1 445 ta umumtaʼlim maktablar mebel, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, sport anjomlari va boshqa texnik vositalari, shuningdek, barcha umumtaʼlim maktablari birlamchi sport anjomlari bilan va 314 ta umumtaʼlim maktablari musiqa cholgʻu asbob-uskunalari bilan taʼminlanadi.