Hukumat va YUNISEF aholining zaif guruhlari holatini yaxshilash boʻyicha loyihani boshlayapti

    Ijtimoiy hayot 15 Iyun 2021 2939

    Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va YUNISEF bugun birgalikda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha loyihani boshladi

    Loyiha dastlab oilaning ajralishi, kambagʻallik, zoʻravonlik va chetlatib qoʻyishning oldini olish uchun hamjamiyatlarga asoslangan ijtimoiy xizmatlarni rejalashtirish, amalga oshirish, yetkazib berish va monitoring qilish boʻyicha eng yaxshi xalqaro tajribani qoʻllagan holda Toshkent shahrining Olmazor tumanida va Toshkent viloyatining Angren shahrida sinovdan oʻtkaziladi.

    Ishlarni boshqarish (keys menejment)ga asoslangan yaxlit ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishni maqsad qilgan ushbu loyiha doirasida hamjamiyat ijtimoiy xodimlari hozirgi kunda koʻplab vazirlik va idoralar tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini muvofiqlashtiradigan bogʻlovchi vosita boʻladi.

    Loyiha ehtiyojlarni hisobga oladigan va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xizmatlarining odamlar ehtiyojlariga mos ravishda ishlab chiqilishini taʼminlaydigan tizim ishini taʼminlaydi. Sinov loyihasining natijalari ijtimoiy himoya sohasini isloh qilish dasturining asosi boʻlib, xususan, himoyani kompleks taʼminlash uchun institutsional bazani ishlab chiqish uchun qoʻllaniladi.

    “Kuchli ijtimoiy himoya tizimi, kamsitishga qarshi, inson huquqlariga asoslangan va inklyuziv yondashuv asosida ishlaydigan yuqori malakali ijtimoiy xodimlar bilan birgalikda, Oʻzbekistondagi eng zaif odamlar, guruhlar va oilalar hayotida ijobiy oʻzgarishlarga olib keladi”, — dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbarining oʻrinbosari Joffri Idjumba.

    Keys menejment oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun ehtiyojlarning yaxlit koʻrinishini va boshqa xizmatlar bilan bogʻlanishni taʼminlaydi. Koʻpincha, bolalar va oilalar duch keladigan turli xil muammolarni hal qilish uchun davlat ijtimoiy yordam, nogironligi boʻlgan insonlarga yordam, kiyim-kechak, oziq-ovqat, oʻquv anjomlari bilan qoʻllab-quvvatlash, jamoat ishlarini oʻtkazish kabi xizmatlarni taqdim etadi. Biroq Oʻzbekistonda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi turli idoralar orasida tarqalgan boʻlib, koʻpincha ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchilar oilaning ehtiyojlari toʻgʻrisida toʻliq tasavvurga ega boʻlishi va qiyinchiliklarni yengish uchun nima zarurligini bilishining imkoniyati boʻlmaydi.

    Sinov tariqasidagi loyiha tuman va hamjamiyat darajalaridagi xizmat koʻrsatuvchilarga kundalik ishlarida ijtimoiy ish koʻnikmalari va kasbiy odob-axloq qoidalarini qoʻllash imkoniyatini beradi. Shuningdek, u barcha uchun ijtimoiy himoya dasturlarini yana-da yaxshiroq rejalashtirish va amalga oshirish uchun axborot boshqaruvi integrallashgan tizimini va yoʻnaltiruvchi mexanizmlarni yaratadi.

    “Loyihaning muhim jihatlaridan biri aholi muammolari yechimiga masʼul vazirlik va idoralarni jalb qilish, har bir muammoni oʻz egasiga yoʻnaltirishdir. Ishni bu tarzda olib borish mahallalarda fuqarolar muammolari tezkorlik bilan manzilli bartaraf etilishiga, aholini ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirishga olib keladi”, — dedi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Gulnora Maxmudova. “Biz xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga tayyor ekanligimizni bildiramiz”, — deya qoʻshimcha qildi u.

    Sinov loyiha doirasidagi faoliyat inklyuziv, ehtiyojlarga asoslangan va individual xizmatlardan foydalanishlari uchun aholining eng kam taʼminlangan, yordamga muhtoj qatlamlari, nogironligi boʻlgan insonlar, bolali oilalar va ayollar singari eng zaif qatlamlarini qamrab oladi. Mazkur loyiha Oʻzbekistonda ijtimoiy himoyani takomillashtirish boʻyicha BMTning Qoʻshma dasturi doirasida amalga oshirilyapti.