“Humo Arena” muz sporti saroyi boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi oʻtkazildi

    Turizm 3 Dekabr 2020 2299

    “Humo Arena” muz sporti saroyida Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan poytaxt hokimligi bilan hamkorlikda “Imkoniyatlar makoni” yoshlar va boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etildi.

    “Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan “Imkoniyatlar makoni” yarmarkasida Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan 60 dan ortiq davlat idoralari hamda yurtimizning eng yirik va nufuzli xususiy kompaniyalari ishtirok etdi.

    Turizm sohasidagi joylashtirish vositalarining mashhur brendlari, yirik mehmonxonalari oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari taklifi bilan ishtirok etishdi. Tadbirda ishtirok etgan kompaniyalar asosan turizm, qurilish, sanoat, ishlab chiqarish, bank, aloqa sohalariga oid boʻlib, umumiy boʻsh ish oʻrinlar soni 21 900 dan ortiq oʻrinni tashkil etdi.

    Yarmarka davomida hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa turizm xizmatlari koʻrgazma rastalari tashkil etilishi barobarida “Humo Arena” muz sport saroyi boʻylab qiziqarli ekskursiyalar uyushtirildi.

    Yarmarkada ishga joylashish uchun suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtish va yoshlarga motivatsiya berish maqsadida xalqaro toifali psixolog-koucher va murabbiylarning mahorat darslari tashkil etildi, shuningdek Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti spikerlaridan “Global darajadagi xalqaro loyihalarga isteʼdodli kadrlarni jalb etish va malakasini oshirish” mavzusida treninglar oʻtkazildi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Yarmarka yakuniga koʻra, tadbirga 15 000 ga yaqin odam tashrif buyurgani, umumiy qabul qilingan rezyumelar soni esa 8 144 tani tashkil etgani maʼlum boʻldi.