“Hunarmand O'zbekiston: tolalardagi an'ana”

    Turizm 25 Fevral 2024 1685

    Prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva shu kunlarda Qatar poytaxti Doha shahrida bo'lib o'tayotgan Dizayn biennalesida ishtirok etmoqda.

    Mazkur biennaleda O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi bilan birgalikda «Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads» ko'rgazma loyihasi taqdim etilyapti.

    «Ushbu tadbirda ham mahalliy, ham mintaqaviy, ham global miqyosda dizayn sohasiga oid ilg'or tajribalar almashinuvi bo'lib o'tadi. Undagi ishtirokimizdan mamnunman.

    «Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads» ko'rgazmasida O'zbekistonning boy hunarmandchilik an'analari bilan zamonaviy ijod uyg'unligini namoyish etmoqdamiz. Ko'p asrlik tarixga ega hunarmandchiligimizning bebaho merosi bizni an'ana va madaniyatimizni asrab-avaylashga undaydi», – deb yozadi Mirziyoeva.

    Prezident yordamchisi, shuningdek, Qatar Muzeylar idorasi vakillariga global madaniy almashinuvni rivojlantirish va badiiy innovatsiyalar yaratish yo'lidagi harakatlari, shuningdek, Biennalega taklif uchun minnatdorchilik bildirgan.