Hunarmandchilik azaliy qadriyat

    Ijtimoiy hayot 11 Dekabr 2020 15236

    Fargʻona viloyatining Margʻilon shahri azal-azaldan ipakchilar, hunarmandlar yurti deb taʼriflanadi. Shahar mamlakatimizning qadimgi tarixi, xalqimizning oʻziga xos va takrorlanmas madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettiruvchi maskandir.

    Bu yerda qadimiy hunarmandchilik maktablari, ayniqsa, ipakchilik maktabi saqlanib kelmoqda. Bugungi kunda Margʻilon shahrida mingdan ortiq xonadon hunarmandchilik bilan shugʻullanadi. Shu yil oʻz faoliyatini boshlagan Hunarmandchilik markazi ham ushbu sohani yana-da rivojlantirish, qadimiy urf-odat va anʼnalarimizni targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bu yerda 200 dan ortiq turdagi atlas va adras toʻqish, gilamchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

    Bu yerda 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 dan ortiq turdagi atlas va adras toʻqish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Ular tomonidan 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etildi.

    – Markazda baxmal toʻqish bilan shugʻullanaman, – deydi Shoaliyeva Muazzam.

    – Oilaviy sharoitim ogʻir. Ikki nafar farzandim bor. Bu yerda ishlab, roʻzgʻorimni tebratyapman. Davlatimiz rahbari tomonidan “Ayollar daftari” joriy etilishi katta imkoniyat yaratdi. Ishsiz edim. Ayniqsa, pandemiya davrida juda qiyin ahvolda qoldik. Ushbu markazda ishga taklif qilishdi. Juda xursandman, ishli hunarli boʻldim.

    Markazning quyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar toʻqiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar koʻrgazmasi, chevarlar xonasi oʻrin olgan.

    Matoga gul chizish, bogʻlash, davra, qad tayyorlash jarayonlari koʻrgazmali tarzda namoyish etiladi. Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Markazda barcha mahsulotlar toʻliq qoʻl mehnati yordamida 100 foiz toza ipakdan toʻqiladi.

    Hunarmandlar bozorida 45 nafar hunarmand faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 300 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. 35 milliard soʻm mablagʻ sarflangan markazda 14 ta savdo doʻkoni mavjud.
    Gilam sexida 250 dan ziyod ayol va qizlar mehnat qilmoqda. Mutasaddining qayd etishicha, eng tez bitadigan mahsulot ikki oyda tayyor boʻladi. Lekin 2-3 yilgacha ham bitta buyurtmani bitirish mumkin. Bunda albatta bandlik ham taʼminlanadi.

    Xorij mamlakatlarida qoʻl mehnatida tayyorlangan mahsulot juda qadrlanadi va qimmat naxlarda baholanadi. Hunarmandlar markazida ham mahsulotlarning sifati yuqori. Asl ipakka tabiiy boʻyoqlardan gul chizib mato toʻqiladi. Shu bois bu mahsulotlarga xaridor tayyor.

    Gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar AQSH, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.

    Margʻilon - Fargʻona vodiysining turistik manzillaridan biri. Hunarmandlar markazi ushbu shaharning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

    Osori atiqalar bilan tanishgan sayyohlar bu yerga kelib atlas, adras toʻqish jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega boʻladi, ham oʻzi xohlagan mahsulotni xarid qiladi, shu yerdagi chevarxonada oʻz didiga mos libos tiktirib kiyib ketaveradi.