Bugun 21-aprel kuni Respublika “Hunarmand” uyushmasi majlislar zalida “Hunarmand” uyushmasi hamda Fransiyaning A.S.I.E xalqaro jamgʻarmasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda “Hunarmand” uyushmasi raisi oʻrinbosari Aziz Murtazoyev hamda Fransiyaning A.S.I.E xalqaro jamgʻarmasi vakillari ishtirok etdi.
Uyushma rais oʻrinbosari uchrashuvda mamlakatimizda hunarmandchilik sohasida yaratilgan imkoniyatlar, preferensiyalar haqida soʻzlab berdi va
hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlaydigan, huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, oʻz safida minglab zahmatkash hunarmandlarni birlashtirgan “Hunarmand” uyushmasi faoliyati bilan tanishtirdi.
Jumladan, anʼanaviy va zamonaviy tarzda qad koʻtargan hunarmandchilik markazlari, usta-shogird maktablari, xorijiy davlatlardagi milliy hunarmandchilik mahsulotlarini namoyish etadigan savdo uylari, oʻtkazilayotgan xalqaro va mahalliy festivallar, koʻrgazma va koʻrik-tanlovlar haqida ham batafsil maʼlumot berildi.
Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgan Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali, Xalqaro Hunarmandchilik festivali, Xalqaro Kulolchilik forumi haqida soʻzlab, mazkur xalqaro tadbirlarga mehmonlar ham taklif etildi.
Uchrashuvda ikkala tomon qadimiy va boy anʼanalarga ega hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshish uchun hamkorlikda ishlashga kelishildi.
Oʻzbek hunarmandlari Fransiyada, fransiyalik hunarmandlar Oʻzbekistonda tajriba almashib, hunar oʻrganishlariga kelishib olingani haqida “Hunarmand” uyushmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.