Taʼkidnashicha, Sudyalar oliy kengashi Qashqadaryoda bitta sayt va besh nafar bloger faoliyatini tugatganiga oid xabarlarni taassuf bilan qabul qilgan. Shuningdek, ayrim blogerlarning bunday qaroriga goʻyoki suddagi adolatsizliklarni sabab sifatida koʻrsatilayotganiga qoʻshilmasligini ham bildirdi.

Faoliyatini tugatishga qaror qilgan blogerlarning uch nafari sud tomonidan maʼmuriy huquqbuzar deb topilib, jazoga tortilgani bor gap. Biroq bu – qaror qatʼiy, shikoyatga oʻrin yoʻq, degani emas. Sud qaroridan norozi taraf belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Shikoyat yuqori sud instansiyasida koʻrib chiqilishida hech qanday muammo yoʻq.

Faoliyatini tugatish yoki tugatmaslik har kimning shaxsiy qarori, albatta. Ammo qonunda belgilangan tartib, shikoyat qilish huquqidan foydalanmay sudlar va sudyalar faoliyatiga bildirilayotgan eʼtirozlar tizim haqida keng jamoatchilikda notoʻgʻri tasavvur shakllanishi ehtimolini paydo qilmoqda. Shu bois bunday fikrlarni shoshma-shosharlik bilan berilgan bayonot tariqasida qabul qilish barobarida sud hujjatidan norozi taraf yuqori sud instansiyasiga murojaat qilish huquqiga ega ekanini takror eslatishni joiz, deb bilamiz.

 Jamiyat hayotida jurnalist va blogerlarning alohida oʻrni bor, ayniqsa, ochiqlik va shaffoflikni ularning faol ishtirokisiz taʼminlash qiyin. Shu bois ham Sudyalar oliy kengashi ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan izchil konstruktiv muloqot oʻrnatishga ustuvor vazifa  sifatida qaraydi. Buning amaldagi ifodasi sifatida har yili (Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda)  huquqiy mavzuga ixtisoslashayotgan media vakillari uchun bepul oʻquv-mashgʻulotlar tashkil etib kelmoqda. Ikkita huquqiy qoʻllanma nashr etib, ular ham bepul tarqatildi. Oʻtgan yili Kengash tomonidan  oʻtkazilgan maxsus tanlovda xolis va asosli tanqidiy chiqishlari bilan eʼtibor qozongan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar gʻolib deb topilgani ham jamoatchilikka maʼlum. Maqsad –  ular faoliyatini, avvalo, huquqiy bilimlarini oshirishga amaliy koʻmak berish orqali faol qoʻllab-quvvatlamoqdir, zero, har soha qonuniylikni talab qiladi, huquq ham, majburiyat ham qonun bilan tartibga solinadi.

Pirovardida, ushbu munosabatni blogerlarga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari qonuniy ekani xususida Kengash xulosasi yoki shikoyat keltirilgan taqdirda ular (sud qarorlari) yuqori sud instansiyasida oʻzgartirilishi yoxud bekor qilinishiga  kafolat sifatida talqin etmaslik soʻraladi.

Takrori ortiqchalik qilmaydi: sud qarorlari qonuniyligiga faqat yuqori instansiya sudi huquqiy baho berish vakolatiga ega.