Tadbir joriy yil 12-13-sentyabr kunlari Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda tashkil etildi.
Ishtirokchilar gender tenglikni mustahkamlash va qarorlar qabul qilish jarayoniga xotin-qizlarni keng jalb etish, ularning BMT 1325-rezolyutsiyasini amalga oshirishda faol ishtirok etishi masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, sud va huquqni muhofaza qilish organlarining yuqori lavozimlarida ayollarning vakillik darajasini oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Seminar Oʻzbekiston bilan “BMT – Ayollar” tuzilmasi oʻrtasida 2024-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida tashkil etildi. Mazkur hujjat joriy yil 7-avgustda boʻlib oʻtgan Gender tenglik va oila masalalari boʻyicha Respublika komissiyasining yigʻilishida tasdiqlangan.
Trening ochilishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori oʻrinbosari Dilnoza Muratova va YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida Oʻzbekistonda jamiyat hayoti va faoliyatining barcha jabhalarida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlari taʼminlanib kelyapti. Xotin-qizlarni zulm, zoʻravonlik va tazyiqlardan himoya qilishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan.
Oʻzbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Bu muhim mavzu “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham oʻz ifodasini topgan. Ayni Strategiya doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender tenglikni, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Oʻzbekistonning zamonaviy Saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi, yaʼni 5 nafardan 2 nafari ayollar boʻlishi shartligi belgilab qoʻyilgan. Hozirda davlat boshqaruvida ayollarning ulushi 27 nafardan 35 foizgacha oshdi.
Xotin-qizlarning jamiyatimizdagi oʻrni va roli sezilarli darajada ortib boryapti. Bugungi kunda ular davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, taʼlim va boshqa sohalarda muhim oʻrinlarni izchil egallayapti.
Seminarda shu ijobiy jarayonlarni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning rolini oshirish masalalari chuqur tahlil etildi.
Mashgʻulotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Mukarram Nurmatova, Oliy sud vakili Nilufar Bobomuratova, Bosh prokuratura vakili Umida Begmatova, Ichki ishlar vazirligi vakili Umida Abdullayeva, Milliy gvardiya vakili Barno Ashirmatova, Mudofaa vazirligi vakili Baxtiyor Mardiyev, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili Latofat Amonova soʻzga chiqdi.
Tadbir doirasida “Sud tizimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muhim lavozimlarida xotin-qizlarning vakillik darajasini oshirish”, “Xavfsizlik va mudofaa sohasida rahbarlik lavozimlariga kirishda ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash” kabi mavzulardagi maʼruzalar tinglandi. Seminar qizgʻin bahs-munozaralar ruhida oʻtdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.