Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili tomonidan “AQOID QURUVCHI KAPITAL” MCHJ direktori X.Rixsiyevning Toshkent shahar DSB xodimlari harakatlaridan norozi boʻlib yozgan murojaati oʻrganib chiqildi.
Oʻrganishlar davomida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi xodimi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilmagan holda “AQOID QURUVCHI KAPITAL” MCHJ faoliyatida kameral soliq tekshiruvi noqonuniy ravishda oʻtkazilganligi aniqlandi.
Jumladan, Toshkent shahar DSB boshligʻi buyrugʻi bilan boshqarmaning masʼul xodimi S.Abdullayev tomonidan “AQOID QURUVCHI KAPITAL” MCHJda kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishi belgilangan. Bunga koʻra, S.Abdullayev tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini olish uchun attestatsiyadan oʻtmasdan va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasi boʻlmasdan turib, qonunchilik talablariga zid ravishda kameral soliq tekshiruvini oʻtkazgan.
Bu bilan S.Abdullayev soliq organining mansabdor shaxsi boʻla turib, mansab vakolatlaridan chetga chiqib va bir qator tartib-qoidalarni buzgan. Shuningdek, tekshiruv davomida ogohlantirish xatida Toshkent shahar DSBga jamiyat rahbarini kelishini hamda “AQOID QURUVCHI KAPITAL” MCHJning tafovut va kamchiliklar yuzasidan hisobot taqdim qilishini soʻragan.
Ushbu harakatlari bilan S.Abdullayev Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 2412-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Ushbu moddaga asosan huquqbuzar javobgarlikka tortilib, koʻrib chiqishlik uchun jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudiga yuborilgan.
Joriy yilning 8-aprel kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan maʼmuriy ish koʻrib chiqildi. Sud S.Abdullayevga nisbatan qonuniy chora koʻrib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravar miqdorida jarima jazosi qoʻlladi.
Doniyor Mahmudov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish boʻyicha vakil devonining yetakchi inspektori