Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash masalasi bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar doirasida maḥallalardagi jinoyatchilikni oldindan oldini olish tizimi takomillashtirilmoqda.
2025-yilda mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi tubdan yangilanib, xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilandi, bunda har bir fuqaroga tinch va osuda hayot kechirish imkonini yanada mustahkamlash asosiy vazifa qilib qo‘yildi.
Jinoyatchilikka moyil yoki xavfli ijtimoiy guruhlar bilan ishlash sifat jihatdan oshirilib, ayniqsa yoshlar, ishsizlar, muammoli oilalar bilan manzilli profilaktik choralar kuchaytirildi va ular uchun qo‘llab-quvvatlash tizimi kengaytirildi.
Mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi va ayollar faoli kabi mutasaddilardan iborat yagona jamoaviy tizim har bir hududdagi vaziyat uchun mas’ul bo‘lib, ular faoliyati bo‘yicha qat’iy javobgarlik joriy qilindi. Huquqbuzarliklar sodir bo‘lishini kutib turmasdan, ularni barvaqt aniqlash, sababi va omillarini bartaraf etishga qaratilgan yondashuv ustuvor bo‘lib, har bir mahallada xavf darajasi muntazam tahlil qilinadigan tizim yo‘lga qo‘yildi.
Kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan mahallalar bo‘yicha alohida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazilib, muammoning aynan nimadan kelib chiqayotgani chuqur o‘rganilib, qo‘shimcha kuch va resurslar ajratilishi belgilandi.
Zamonaviy texnologiyalar yordamida videokuzatuv, tezkor monitoring, xavfsiz yo‘lak va jamoat joylarida kuzatuv tarmoqlari kengaytirildi hamda jamoaviy xavfsizlikning raqamli boshqaruv mexanizmlari faol qo‘llanila boshlandi. Mahalla aholisi bilan muntazam uchrashuv va muloqotlar ko‘paytirilib, odamlarning o‘z muammosini bemalol aytishi, fikri va tashabbusi eshitilishi imkoniyati kengaytirildi, ularning huquqiy ongi va faolligi oshirilmoqda.
Yoshlar orasida bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish, sport va madaniyatga jalb qilish orqali ularni yot g‘oyalar va huquqbuzarlikdan himoyalashga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Ayollar bandligini oshirish, oiladagi kelishmovchiliklarning oldini olish, zo‘ravonlikning istalgan shakliga chek qo‘yishga xizmat qiluvchi psixologik va huquqiy yordam tizimi yanada takomillashtirildi. Mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni kuchaytirish, aholida Vatanga sadoqat, qonunga hurmat, qo‘ni-qo‘shnining tinchini qadrlash kabi qadriyatlarni mustahkamlash doimiy ravishda davom ettirilmoqda.
Ishsizlikni kamaytirish, odamlarni munosib mehnat bilan ta’minlash orqali jinoyat sodir etilishiga turtki bo‘layotgan iqtisodiy muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘ini orqali jamoatchilik nazorati kuchaytirilib, har bir fuqaro xavfsizlikni ta’minlash jarayonining faol ishtirokchisiga aylanmoqda va uning murojaatlari tezkor ravishda ko‘rib chiqilmoqda.
Jinoyat sodir bo‘lishidan keyin jazoga tortishdan ko‘ra, uni oldindan bartaraf etish ustuvorligi kuchaytirilib, har bir xatarli holat erta aniqlanishi nazarda tutilgan samarali tizim joriy etildi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ko‘chalarni yoritish, xavfsiz piyodalar yo‘laklari va bolalar maydonchalarini barpo etish orqali jamoat xavfsizligi bo‘yicha muhim amaliy qadamlar qo‘yilmoqda.
Barcha tegishli idoralar o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanib, mahalla darajasidagi vazifalarni bir joydan boshqarib boruvchi samarali muvofiqlashtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Mahalla yetakchilari, profilaktika xodimlari va jamoatchilik faollari uchun maxsus o‘quv-treninglar tashkil etilib, ularning bilim va malakasini oshirish orqali ishlash sifati yanada ko‘tarildi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari muntazam tahlil qilinib, samaradorlikka erishish borasida aniq mezonlar belgilangan, aniqlangan kamchiliklar esa zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda. Aholi takliflari asosida yangi tashabbuslar ishlab chiqilib, har bir fuqaroni o‘z mahallasining tinchligi uchun mas’ul his qilish muhitini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mahalla xavfsizligi bu faqat davlat organlarining emas, har bir fuqaroning sharafli burchi bo‘lib, barchamizning hamkorlikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalik yanada mustahkamlanadi.
K.Mavlanov,
Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi
katta o`qituvchisi.
Sh.Mamataliyeva,
Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi
o`qituvchisi.









