Bunda fuqarolarning huquqiy muammolarini tezkorlikda hal etishda ularni oʻylantirayotgan huquqiy masalalar yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar, qonun hujjatlariga muvofiq huquq va erkinliklari, ularni amalga oshirish va buzilgan huquqlarini tiklash tartibi haqida maʼlumot berish tarzidagi birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir qator qonun hujjatlarida, shu jumladan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bepul huquqiy axborot taqdim etish boʻyicha vazifalari koʻrsatib oʻtilgan.
Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari aholining huquqiy muammolarini oʻz vakolatlari doirasida birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat etish orqali hal etishda ishtirok etmoqda.
Masalan, bu borada adliya organlariga huquqiy targʻibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini yetkazish, aholining huquqiy savodsizligini yoʻq qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash kabi vazifalar yuklatilgan.
Yoki boʻlmasa, prokuratura organlari fuqarolarning hamda yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Shu kabi, notariuslar ham jismoniy va yuridik shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda koʻmaklashishi, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berishi shartligi qonun hujjatlari bilan mustahkamlangan.
Advokatlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda mahallalarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam koʻrsatish (pro bono) amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi ham ijtimoiy ehtiyojmand fuqarolarimiz uchun ayni muddao boʻldi.
Yana shuni qayd etish joizki, aholining birlamchi bepul yuridik yordam olishga boʻlgan huquqlari kafolatlarini taʼminlash maqsadida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy sheriklik asosida oʻzaro hamkorligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari aholining huquqiy ongi va xabardorliklari darajasini oshirishda ishtirok etish, huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar berish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarda oʻz aʼzolari va qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish orqali bepul yuridik yordam koʻrsatadi.
Shu oʻrinda, fuqarolarga huquqiy masalalar boʻyicha bevosita va onlayn rejimda maslahatlar va tushuntirishlar berish yoʻli bilan birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etilganligiga oz vaqt boʻlganiga qaramasdan fuqarolarning beminnat huquqiy koʻmakchisiga aylanib bormoqda.
Mazkur tashkilot tomonidan yuritiladigan hamda Buyuk Britaniya tajribasi asosida yaratilgan “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalidan joriy yilning oʻzida 60 mingdan ortiq kishi foydalangan.
Sayt foydalanuvchilar uchun onlayn rejimida savol berib, javob olishlari mumkin boʻlgan onlayn muloqot tizimi ham yoʻlga qoʻyilgan.
Mazkur tizim orqali hozirgi kunga qadar foydalanuvchilar tomonidan 53 mingdan ortiq huquqiy savollar berilgan boʻlib, ularga mutaxassislar oʻz vaqtida javob qaytarmoqda.
Shuningdek, ushbu muassasaning tuman (shahar) huquqiy maslahat byurolarida bevosita 22 mingdan ortiq fuqarolarga huquqiy masalar boʻyicha bepul yuridik yordam koʻrsatildi.
Xulosa oʻrinda, aholining huquqiy muammolarini hal etishda bepul yuridik yordamdan erkin foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish orqali aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi hamda fuqarolarning yuridik yordamga boʻlgan huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sherzod Rabiyev
Adliya vazirligi Yuridik taʼlim
va sud-ekspertiza faoliyatini
muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi