Rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan eng muhim maqsad va vazifalardan biri davlat siyosatini qaysi model va usullar bilan amaliyotga joriy etishdir. Mazkur masalaning yechimi bir qarashda yengil va oson koʻrinsa-da, xorijiy davlatlar tajribasi va real hayot buning aksini tasdiqlaydi. Yurtimizda mazkur masalalar, jumladan, rivojlanishni qaysi yoʻl bilan amalga oshirish vazifasi soʻng gi yillarda tobora dolzarb tus olgan.
Buning sababi jamiyat hayotidagi tub ijobiy ijtimoiy-siyosiy oʻzgarish lar, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi bosqichi, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati oshishi, oʻz huquq va erkinliklarini anglashi hamda talab qilishidir. Soʻz erkinligi, xalq hokimiyatchiligi, davlat organlarining aholi bilan ishlashda mutlaqo yangi tamoyillar asosida tashkil etilishi va amalga oshirilishi, ular faoliyatida ochiqlik va shaffoflikning keng taʼminlanishi ham mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy siyosatning yangi darajaga chiqqanini yana bir karra koʻrsatmoqda.
Boshqacha aytganda, yuqoridagi omillarning yuzaga kelishi mamlakatning huquqiy siyosatga eʼtiborini jiddiy ravishda kuchaytirdi. Huquqiy siyosat oʻzi nima, degan savolga ilmiy va murakkab taʼrif berishdan yiroqlashgan holda, uning fuqarolar uchun ahamiyatli boʻlgan real jihatlariga toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq. Taʼkidlash joizki, “siyosat” soʻzi oʻzining uzoq yillik tarixiga ega boʻlib, asosan, yunon faylasufi Arastu sababli ushbu atamadan keng foydalanish boshlanadi.
Olim muloqotning eng muhim va oliy darajasi — siyosiy muloqot haqida gapiradi. Haqiqatan, har bir insonning — mutaxassis, olim, korxona boshqaruvchisi, davlat idorasi rahbari, siyosiy partiya yetakchisidan tortib, davlat rahbarigacha — oʻz siyosati mavjud. Yaʼni har bir insonning oʻz boshqaruv uslubi va individual taʼsir oʻtkazish shakllari boʻladi.
Sodda qilib aytganda, siyosat deganda ijtimoiy jarayonlarni boshqarish sanʼati tushunilsa, huquqiy siyosat mohiyatida huquqiy tartibga solish sohasida davlat olib borayotgan faoliyat strategiyasini tushunish mumkin. Xuddi shunday uni davlat siyosati va huquqiy rivojlanishining taktik yondashuvi va algoritmi sifatida ham qabul qilinadi. Huquqiy siyosat oʻz ichiga davlat siyosatining barcha yoʻnalishlarini qamrab oladi. Chunki har qanday siyosiy islohot Konstitutsiya, qonun, Prezident imzolaydigan qonunchilik hujjatlari orqali amalga oshiriladi.
Shuning uchun ham mazkur masalaga qaratiladigan eʼtibor boshqa yoʻnalishlarning rivojlanishiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir oʻtkazadi. Huquqiy siyosatning maqsadi huquqiy tartibga solishning samarali mexanizmini yaratish, inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini toʻliq taʼminlash uchun qonuniy vositalardan samarali foydalanish, qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni mustahkamlash, huquqiy davlatchilikni shakllantirish hamda jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishdan iborat.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tarixan ming yilliklar davomida u yoki bu koʻrinishda mustaqil siyosatini turli shakllarda amalga oshirib kelgan. Vatanimiz mus taqillikka erishgach, yangi milliy davlatchilik va ijtimoiy adolatli jamiyatni barpo etish, demokratik huquqiy davlat qurish va pirovardida, “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat” gʻoyasini tatbiq etishni hayotning oʻzi taqozo qildi.
Mustaqillik davrida huquqiy siyosat rivojlanishini shartli ravishda toʻrt bosqichga boʻlish mumkin. Birinchi bosqich (1989–1995-yillar)da yakka partiyaviylikka asoslangan tizimdan voz kechildi, yangi davlatchilik va siyosiy tizim asosi yaratildi, hokimiyatning uchga boʻlinishi tamoyili rasman belgilandi.
Ikkinchi bosqich (1996-1999-yillar)da ilk bor siyosiy plyuralizm va koʻppartiyaviylik tizimi shakllantirildi. Tashqi siyosatning asosiy yoʻnalishlari belgilandi, taʼlim, bojxona va soliq, qonun loyihalarini umumxalq muhokamasiga qoʻyish masalalari tartibga solindi.
Uchinchi bosqich (2000–2015-yillar)da parlamentga saylovlar yakunlanib, Prezident saylovlari boʻlib oʻtdi. Asosan, maʼmuriy-huquqiy va demokratik institutlarning muvozanatli va barqaror faoliyat yuritishiga eʼtibor qaratildi. Ushbu davrda huquqiy siyosatning rivojlanishi oʻtish davrini boshdan kechirdi, desa ham boʻladi.
Toʻrtinchi bosqichda (2016-yildan hozirga qadar) mamlakatni yanada rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlar Harakatlar strategiyasi (2017-2021-yillar) va Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi asosida davom etmoqda. Jumladan, bugungi kunda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish boʻyicha davlat siyosati amalga oshirilmoqda.
Aynan toʻrtinchi bosqich doirasida huquqiy siyosatning dolzarbligi apogeyaga, yaʼni oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 13-apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida huquqiy siyosat uchun alohida masʼul tashkilot — Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etilgani fikrimiz tasdigʻidir.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan mazkur institut tugatildi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor boʻlgan davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasasi maqomidagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tashkil etildi. Institut oldiga salmoqli vazifalar qoʻyildi.
Jumladan, institut Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy siyosatni shakllantirish boʻyicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlashi belgilandi. Shuningdek, u qonun loyihalarini Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqishning barcha bosqichlarini monitoring qiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilayotgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan ekspertlik fikrlari va xulosalarini taqdim etadi.
Huquqiy siyosat davlat siyosatini amalga oshirish va boshqarish shakli hisoblanar ekan, zamonaviy sharoitda munosabatlarning jadal rivojlanishi mamlakat boshqaruvi tizimiga tub oʻzgartirishlar kiritayotganining guvohi boʻlamiz. Jumladan, Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasida boshqaruvning mutlaqo yangi modeli, yaʼni oʻz samarasini yoʻqotgan “qoʻl boshqaruvi”dan aniq natijaga erishishga qaratilgan tizimli boshqaruvga oʻtish haqida soʻz yuritildi.
Garchi “qoʻl boshqaruvi” tezkorlik bilan noanʼanaviy usullar orqali qaror qabul qilib, masala yechimiga qaratilgan boʻlsa-da, qaysidir yoʻnalish yoki sohaga salbiy taʼsir koʻrsatishi va ushbu oqibatlar bilan keyinchalik kurashish ehtimolini paydo qiladi. Yaʼni “qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarib qoʻyish” mumkin. “Qoʻl boshqaruvi”ni buyuk fransuz mutafakkiri, milliy maʼmuriy huquq asoschilaridan biri Nikola Fayolya hazilomuz tushuntirib bergan. Jumladan, u “Agar rahbar bir kun ishga kelmasa, bilingki, aynan oʻsha uning barcha rejalari barbod boʻlgan kun hisoblanadi”, degan.
Bu bilan olim quyi darajadagi ayrim xodimlarning “qoʻl boshqaruvi”ga haddan tashqari moyilligi, bu esa tashab buskorlikning soʻnishi va yuqoridan topshiriq kutish holatlariga olib kelishi, rahbar yoʻq paytda ishning tizimli davom etmasligi hamda xodimlarning doimo favqulodda rejimda ishlashiga eʼtibor qaratgan. Koʻpchilikni huquqiy siyosat oddiy fuqaroga nima uchun kerak, degan savol oʻylantirishi mumkin.
Aynan jamoatchilik manfaati nuqtayi nazaridan huquqiy siyosat qator omillarni taʼminlaydi.
Birinchidan, huquqiy siyosat orqali huquqiy maydon (huquqiy olam) yuzaga keladi. unda fuqaro kundalik hayotida har qanday noqonuniy aralashuv va xatti-harakatlardan, mansabdor shaxslar va boshqa fuqarolarning oʻzboshimchaligi hamda zoʻravonligidan himoyalanadi. Barcha nizo va mojarolar faqat huquqiy yoʻl va mexanizmlar orqali hal etiladi. qonunda nazarda tutilmagan usullardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ikkinchidan, huquqiy siyosat jamiyatni oʻzgartirishda muhim vositadir. Masalan, jamiyat rivojlanishi uchun zarur boʻlgan qonunlar aniqlanadi va ularni qabul qilish boʻyicha tashabbus koʻrsatiladi yoxud biror-bir ishlab turgan qonun normalarini takomillashtirish boʻyicha takliflar bildiriladi.
Uchinchidan, chiqarilayotgan qonunlarni jamiyatda ogʻriqsiz qabul qilish va qoʻllash imkonini beradi. Masalan, biror-bir munosabatni tartibga soluvchi qonun dabdurustdan qabul qilinishi oqibatida aholining muayyan toifasi orasida savollar paydo boʻlishi mumkin. Boshqacha aytganda, ayrim qonunlarni jamiyat tayyor boʻlmasdan turib qabul qilishning oldi olinadi. Qonunchilik hujjatlarining jamiyat hayotiga, orzu-istaklariga hamohang boʻlishi taʼminlanadi.
Toʻrtinchidan, huquqiy siyosat huquqiy davlat, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda qonunlar faqat xalq manfaatini koʻzlab qabul qilinishi va “qonun hukmronligi”ga asoslangan boshqaruvning amaliyotga tatbiq etilishiga erishiladi. Beshinchidan, jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalarini hal etishda fuqarolarning bevosita va bilvosita ishtiroki taʼminlanadi.
Garchi qonunlarni qabul qilish uchun qonunchilik tashabbusiga (qonun loyihasini Oliy Majlisga kiritish huquqiga) ega boʻlgan subyektlar roʻyxati (Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Bosh prokuratura va boshqalar) Konstitutsiyada qatʼiy belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, huquqiy siyosatni shakllantirishda fuqarolik jamiyati institutlari (siyosiy partiyalar, harakatlar, jamoat birlashmalari va hokazo) va fuqarolar (olimlar, turli sohadagi ekspertlar, oddiy fuqarolar) keng ishtirok etadi.
Huquqiy siyosat umumdavlat siyosatining muhim tarkibiy qismi boʻlib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati bilan birgalikda davlat rahbari tomonidan shakllantiriladi va amalga oshiriladi. Bu jarayonda har qanday siyosat huquqiy baza asosida olib borilishi, yaʼni uning huquqiyligi taʼminlanishi kerak. Qonuniy asosga ega boʻlmagan siyosatning qoʻllanishi esa uning kuchsiz va zaif boʻlishiga olib keladi. Shuning uchun ham huquqiy siyosatning mavjud boʻlishi davlat va jamiyat rivojlanishi uchun oʻta muhim ahamiyat kasb etadi.
Aniq strategik konsepsiyasiz davlat va jamiyat muvaffaqiyatli rivojlana olmaydi. Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarning tajribasi ham buni tasdiqlaydi. Huquqni shakllantiruvchi va qoʻllovchi organlar bilan birgalikda huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti oʻz oʻrniga ega boʻladi.
Davlatimiz rahbari olib borayotgan huquqiy siyosatning oʻtkazgichi sifatida koʻplab ishlarni qilishi lozim. Bunda asosiy eʼtibor amaldagi islohotlar uchun ishonchli huquqiy asos yaratish, mustaqil odil sudlovni kuchaytirish, qonunga itoatkor jamiyatni shakllantirish va huquqiy nigilizmni bartaraf etish, inson huquq va erkinliklarini hamda xususiy mulk daxlsizligini samarali taʼminlash, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish uchun samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratiladi.









