“Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan belgilangan tartiblar asosida oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari jarayonida tadbirkorlarning mavjud tartib-tamoyillarga amal qilmay turli muammolarga duch kelib yurish holatlari aniqlanmoqda.
Jumladan, Inspeksiya xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, “Koson” qishloq fuqarolar yigʻinida faoliyat olib borayotgan “Sh.D.N.” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrganilganda, korxona davlat roʻyxatidan oʻsimlik va hayvonlar yogʻlari va moylarini ishlab chiqarish maqsadida oʻtgani, ammo ishlab chiqarish faoliyatida bir qator kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, tekshirish jarayonida korxona joylashgan manzilda 1 dona press, 1 dona jin uskunalari mavjudligi kuzatilib, ushbu uskunalarda paxta xom-ashyosini jinlab, jindan ajratilgan ikkilamchi mahsulot, yaʼni texnik chigitni presslash uskunasida qayta ishlab paxta moyi ishlab chiqarayotganligi maʼlum boʻldi.
Vaholanki, tegishli tartibga asosan, yogʻ-moy korxonalarida paxta texnik chigiti toʻliq texnologik sikl (magʻizni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari)da maqsadli qayta ishlanishi hamda texnik chigitdan qayta ishlangan tayyor mahsulotlar uchun tegishli gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega boʻlishi zarurligi belgilangan.
Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, “Sh.D.N.” MChJ masʼullari tomonidan korxonada toʻliq texnologik siklni taʼminlamasdan, ishlab chiqarilayotgan yogʻ-moy mahsulotiga belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikatlari olmasdan, normativ-huquqiy hujjatlar talabalariga zid ravishda faoliyat olib borayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, oʻrganish kunida korxona omborida oʻrtacha hisobda 1,5 tonna paxta texnik chigiti, 200 litr qayta ishlashdan olingan qora moy mahsuloti va 400 kilogramm paxta tolasi mavjudligi aniqlanib, holatga oydinlik kiritish maqsadida Koson tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi xodimlari tomonidan ashyoviy dalil sifatida saqlovga olindi.
Tekshirishda toʻplangan hujjatlarni taʼluqliligi va huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Asror Norqulov,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat
boshqarmasi bosh inspektori