Ushbu hujjat mamlakatdagi huquqiy ta'lim tizimini tubdan yangilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni o'z ichiga oladi.

Amaliy ta'lim — yangi standart

Farmon talablariga ko'ra, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida (TDYU) amaliy ta'lim tamoyiliga asoslangan yangi o'qitish tizimi joriy etiladi. Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun o'quv dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, qolgan 50 foizi esa sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa yuridik tashkilotlarda o'tkaziladi. Bu esa nazariya va amaliyot o'rtasidagi ko'prik bo'lib, kelgusi huquqshunos mutaxassislarni ish joyiga tayyor holda yetkazib beradi.

Sun'iy intellekt — o'quv jarayonining yangi hamkori

Farmonning alohida diqqatga sazovor jihati sun'iy intellekt (SI) texnologiyalarini ta'lim jarayoniga keng joriy etishdir. 2026/2027 o'quv yilidan boshlab universitetda SI asosida darslar sifatini baholash tizimi yo'lga qo'yiladi: talabalarning oraliq bilim darajasini aniqlash, yakuniy nazorat ishlarini SI orqali tekshirish, shuningdek, talabaga yordamchi sifatida virtual tyutor faoliyati tashkil etiladi.

Bundan tashqari, xalqaro «Raqamli huquq» (Digital Law) yo'nalishi ham universitetda kuchga kiradi. Ushbu yo'nalishda o'qish ingliz va boshqa xorijiy tillarda olib boriladi, o'qitish jarayoniga etakchi xorijiy professorlar jalb qilinadi.

Tuzilmaviy islohotlar va boshqaruv yangiliklari

Farmon doirasida universitetda «ta'lim — tadqiqot — amaliyot» integratsiyasini ta'minlash maqsadida tarmoq fakultetlari tizimi — akademik departamentlar, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda amaliyot va karyera markazlaridan iborat yangi tuzilma shakllantiriladi. Shuningdek, universitetda «Professorlar kengashi» (Senate of Professors) tashkil etiladi va unga strategik qarorlar qabul qilishda muhim vakolat beriladi.

Maqsad — dunyo reytingida o'rin egallash

Farmonda TDYU ning 2030 yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) reytingida huquq sohasidagi eng yaxshi 1 000 ta universitet qatoriga kirishi vazifasi belgilangan. Bu — nafaqat universitetning, balki butun O'zbekiston huquqiy ta'lim tizimining xalqaro maydonda tan olinishi yo'lida muhim qadam.

Ushbu Farmon «Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yagona to'g'ri yo'li — ta'lim sifatini oshirish» degan ustuvor g'oyaga asoslanib, zamonaviy, amaliyotga yo'naltirilgan va texnologik jihatdan rivojlangan huquqiy ta'limni barpo etishga xizmat qiladi.

Shakhzoda Tuychiyeva,
Xalqaro xususiy huquq shoba (kafedra) oqituvchisi