Adliya vazirligida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusida taʼkidlagan mamlakatimiz huquq tizimidagi oʻzgarishlar va qilinishi kerak boʻlgan dolzarb vazifalarning mazmun-mohiyati yuzasidan davra suhbati tashkil etildi, deya xabar beradi vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi..
Taʼkidlanishicha, davlat rahbari bilan boʻlgan intervyu suhbatda Oʻzbekistonning oxirgi 5 yillikdagi rivojlanish yoʻli, ichki va tashqi siyosati, hozirgi kundagi ustuvor vazifalar haqidagi soʻz borgan. Xususan, Davlat rahbari tomonidan suhbat davomida mamlakatimizdagi sud-huquq tizimini isloh etish “Zulm qilma, insofli boʻl, xalq uchun adolat qoʻrgʻonini bunyod et” kabi sodda va hayotiy talablardan kelib chiqqan holda olib borilayotganligini taʼkidlandi.
“Yangi Oʻzbekistonni barpo etish — bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.
Yangi Oʻzbekiston — demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʻstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatdir”, deya alohida taʼkidladi davlatimiz rahbari oʻz intervyusida.
Shuningdek, Prezident Oʻzbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan oʻzgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham koʻproq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotganligiga ham toʻxtalib oʻtdi.
Davlat rahbari suhbat davomida hozirgi kundagi tashqi siyosat masalasiga ham alohida eʼtibor berish lozimligini taʼkidladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilmoqda. Ushbu muhim hujjatda tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekistonning asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalari yana-da kengayayotganligi aytib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Afgʻonistonning yaqin qoʻshnisi sifatida bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishidan manfaatdor ekanligini ham taʼkidladi.
Tadbir davomida davlat rahbarining intervyu suhbatida keltirilgan huquq sohasidagi amalga oshirilgan islohotlar va kelajakda vazifalarda adliya organlarining ahamiyati qanchalik muhim ekanligi vazirlik xodimlari ishtirokida atroflicha tahlil qilindi.