Sakson yoshni qarshi olgan Husanjon ota keksalikka boʻyin bergani yoʻq. Kitob, gazeta va jurnal mutoaalasini kanda qilmaydi. Qayerga borsa yangi kitob, gazeta, jurnal xarid qiladi. Oilaviy kutubxonasi fondi boyib bormoqda. Hozirda kitoblar soni 5000 taga yaqinlashgan. Oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari, ensiklopediyalar, darsliklar, bolalar adabiyoti namunalariga alohida oʻrin ajratilgan.

— Bu kitoblarning aksariyatini oʻzim yoshlikdan oʻqib yiqqanman, — deydi Husanjon ota Ergashev. — Ularning har bir men uchun qadrli. Kitob insonni kamolot sari yetaklovchi xazina. U maʼnaviy ozuqa beribgina qolmay, tafakkurni boyitib, sogʻlom mulohaza yuritishga oʻrgatadi. Kutubxonada oʻqilgan har bir kitobni qayd qilib, faol kitobxonlarni ragʻbatlantirib boramiz.

Kitobxon yoshlar, oilalar oʻrtasida turli tanlovlar oʻtkazish anʼanaga aylangan. Xorijiy tillar boʻyicha oʻquv toʻgaragi ham faoliyat koʻrsatmoqda. Oilaning toʻngʻich kelini Shaxloxon bu ishlarga bosh-qosh boʻlyapti.

Husanjon Ergashev turmush oʻrtogʻi Aqidaxon aya bilan besh oʻgʻil, ikki qizni tarbiyalab elga qoʻshdi. Oʻnlab nabira, chevaralarning sevikli bobosi va buvijoni.

Rasuljon Kamolov