Husiylar Qizil dengizdagi tankerni portlatishdi

    O'tgan hafta Qizil dengizda Yaman husiylari tomonidan hujumga uchragan neft tankeri navbatdagi hujumga uchradi.

    Eron tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan husiylar bir kun avval Qizil dengizda Gretsiya bayrog'i ostida suzib ketayotgan Sounion tankerining palubasiga portlovchi moddalar o'rnatayotgani aks etgan videoni e'lon qilgan edi. Kemada portlash yuz berdi. Bu neftning to'kilishiga olib kelishi va Qizil dengiz marjon riflariga tuzatib bo'lmaydigan zarar yetkazishi mumkin.

    Biroq hududdagi Yevropa Ittifoqi dengiz kuchlari Souniondan neft to'kilishi hali kuzatmaganligini aytishdi.

    Mazkur tanker taxminan 1 million barrel neft xomashyosini olib ketayotgan edi. Husiylar birinchi marta 21-avgust kuni o'q otish qurollari, snaryadlar va qayiq yordamida unga hujum qilishgan, bu esa yong'inga sabab bo'lgan va uni dvigatelsiz qoldirgan, deya xabar beradi UK Maritime Trade Operations (UKMTO) idorasi.

    25 nafar ekipaj a'zosi Yevropa Ittifoqining Qizil dengizdagi operatsiyasi doirasida ishlayotgan Fransiya kemasi tomonidan qutqarilib, Jibutiga olib ketilgandi, deb xabar beradi korrespondent.net.