Muloqotda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlar sifati, xom ashyo bazasi, korxonalarda qoʻllanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, invest muhit toʻgʻrisida Koreya kompaniyasiga batafsil maʼlumot berildi.
“JM” kompaniyasi Janubiy Koreyadagi eng yirik charm ishlab chiqaruvchi korxona sanaladi. Bu yerda tayyorlanayotgan charm mahsulotlar asosan Hyundai, Kia, Toyota kompaniyalarining avtomobillariga yetkazib beriladi. Kompaniyaning yillik daromadi 250 million dollarni tashkil etadi. 1 milliard dollar evaziga barpo etilgan ishlab chiqarish korxonasi toʻliq Italiya va Germaniya texnologiyalari bilan jihozlangan.
Muloqotda kompaniya Oʻzbekistonda soʻngi yillarda charmsanoat sohasidagi oʻzgarishlar va yangilanishlardan xabardor ekanligi, shu sabab charmning ikkilamchi va tayyor holdagi koʻrinishini aynan mamlakatimizdan xarid qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Shuningdek, «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi delegatsiyasi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati bilan yaqindan tanishdi. Shu yerning oʻzida “JM” kompaniyasi vakillariga respublikamizning 16 ta hududida tashkil etilgan KSZlari va ularda charmsanoat sohasiga yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha biznes takliflar taqdim etildi.
Kompaniya Toshkent viloyatida qoʻshma korxona ochish va u yerda ishlab chiqariladigan charmni Janubiy Koreya bozoriga va avtomobilsizlik sohasidagi yirik kompaniyalarga yetkazib berish boʻyicha oʻz tashabbuslarini bildirdi.
Kompaniya delegatsiyasi aprel oyida Toshkentga tashrif buyurib charm ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan muzokaralar oʻtkazishga va amalga oshiriladigan loyihalarni muhokama qilib olishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Shunday qilib, Oʻzbekistonda tayyorlanayotgan charm mahsulotlar kelgusida Janubiy Koreyaning yirik avtomobil zavodlarida ishlab chiqarilayotgan avtoulovlarda qoʻllanila boshlanadi, deb xabar beradi «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.