Qayd etish kerakki, ushbu Qonun bilan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etilmoqda, sohadagi huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari yanada kuchaytirilmoqda.

Ushbu Qonun jami 71 ta moddadan iborat bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilamoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda, xorijiy va mahalliy darajadagi ekspertlarning fikrlari hamda jamoatchilikning takliflari, shuningdek, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi inobatga olingan.

Qonunda bir qator yangiliklar nazarda tutilgan. Jumladan:

1) Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari hamda kengashi a’zolarini saylash tartibi belgilamoqda. Bu orqali, kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlarni oldini olish ko‘zlangan.

2) Jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari sirtidan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilish tartibi aniq belgilamoqda.

3) Qonunning yana bir muhim yangiliklardan biri, bu xalqaro korporativ boshqaruv amaliyotida mavjud bo‘lgan jamiyatning kuzatuv kengashi a’zolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi va kollegial ijro etuvchi organlarining fidusiar majburiyatlari belgilanganligi hisoblanadi.

4) Qonun bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi belgilamoqda. Bu esa, ular tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari sonini oshiradi.

5) Amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagan jamiyatlarning filiali va vakolatxonalarini, sho‘’ba va qaram xo‘jaliklarini ochish tartiblari alohida modda sifatida belgilamoqda.