Buning natijasida soʻnggi vaqtlarda ilm-fanda xalqaro darajadagi yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda. Jumladan, surxondaryolik yoshlar bu borada koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.
Davlatimiz
rahbarining shu yil fevral oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi yoshlarimiz
uchun quvonarli xabarlarga boy boʻldi. Tashrif chogʻida Prezidentimiz “Yangi
Oʻzbekiston” massividagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan,
nogironligi boʻlgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Sunʼiy intellekt, raqamlashtirish bilan bogʻliq yoʻnalishlarning yoshlar hayoti
va kelajagi uchun naqadar muhim ekaniga eʼtibor qaratildi. Sunʼiy intellektga
oʻqitish dasturlari maktab taʼlimiga joriy etilishi orqali mehnat bozoriga
kelajak kasblari uchun puxta hozirlik bilan ulgʻayishi zarur ekaniga urgʻu
berildi. Ha, bugungi yoshlar sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan toʻla foydalanib,
ularni boshqarish darajasiga yetishi zarur. Shu orqali oldimizdagi katta
marra — Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlaymiz. Buning uchun yana bir
qulay imkoniyat va oʻziga xos yondashuv esa ushbu massivdagi xorijiy tillar va
axborot texnologiyalari oʻquv markazidir. Davlatimiz rahbari ushbu oʻquv
markazi faoliyatini yuqori baholadi.
Taʼkidlash kerak,
ushbu oʻquv markazi 6,5 milliard soʻm hisobiga barpo etilgan. Unda yiliga 2
mingdan ortiq yoshga taʼlim olish va loyihalar ustida ishlash imkoniga ega. Bu
yerda 200 nafarga yaqin oʻquvchi kompyuter savodxonligi va “front-end”
yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin
oʻquvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Ana
shunday yutuqlar sabab ushbu tajriba ommalashtiriladigan boʻldi.
Surxondaryolik yoshlarning bunday yutuqlari
zamirida albatta, yangi Oʻzbekistondagi islohotlar turibdi. Ushbu
yangilanishlar esa mamlakatimizdagi puxta oʻylangan reja asosida olib
borilmoqda. Buni Surxondaryoda taʼlim sohasida erishilayotgan yutuqlar misolida
ham koʻrish mumkin.
Mamlakatimiz
yetakchisi bundan besh yil avval raqamli iqtisodiyotga oʻtish vazifasini qatʼiy
maqsad sifatida belgilab bergan edi. Xususan, Prezidentimiz 2020-yil
24-yanvarda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida “Taraqqiyotga erishish
uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz
zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini
beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur
kirib bormoqda. Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli
infratuzilma, koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi
bilamiz. Biroq qanchalik qiyin boʻlmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon
kirishamiz?! Ertaga juda kech boʻladi”, deya taʼkidlagan edi.
Oʻtgan davrda Surxondaryo viloyatida ham bu borada salmoqli ishlar
bajarildi. Jumladan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish maqsadida
2025-yilda 2500 ming kilometrga optik tolali aloqa tarmogʻi tortilib, umumiy
uzunligi 23,4 ming kilometrga yetkazildi.Shuningdek, viloyatda jami 1014 ta
tayanch stansiya oʻrnatildi va modernizatsiya qilindi. Mobil internet qamrovi
2017-yilda 50 foiz atrofida edi. Bu koʻrsatkich 2024-yilda 96 foizni tashkil
etgan boʻlsa, 2025-yil yakunida 99,3 foizga yetkazildi.
Davlat
xizmatlarini koʻrsatish sohasida quvonarli natijalarga erishildi. Xususan,
2025-yilda viloyat boʻyicha jami 989 mingdan ortiq ariza qabul qilindi. Shundan
323,6 mingtasi Davlat xizmatlari markazlari orqali, 666,2 mingtasi esa Yagona
interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etilgan. Shuning oʻziyoq
raqamlashtirish xalqimiz hayotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etayotganini
koʻrsatadi.
— Surxondaryoda
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanuvchilar soni esa 811,2
ming nafarga yetdi. Birgina 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida aloqa va
axborotlashtirish sohasida koʻrsatilgan xizmatlar sezilarli darajada oshdi.
Jumladan, kompyuter dasturlash sohasidagi xizmatlar qiymati 247 milliard soʻmga
teng boʻldi, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi Surxondaryo viloyati
hududiy shuʼbasi bosh mutaxassisi Umar Xushvaqtov.
Prezidentimiz
raisligida 2025-yil 21-oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari
va hududlarda sunʼiy intellekt
texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor
yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda belgilangan vazifalar ijrosi sunʼiy intellekt
texnologiyalarini joriy qilishni yangi bosqichga olib chiqadi. 2030-yilda
sunʼiy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga
yetkazish reja qilingan. Biroq xorijiy ekspertlar Oʻzbekiston salohiyatini 10
milliard dollarga baholagan. Hozir dunyoda sunʼiy intellekt iqtisodiyot,
taʼlim, sogʻliqni saqlash va xavfsizlik kabi barcha muhim sohalarning
tayanchidir. Shu bois, mamlakatimizda davlat boshqaruvi organlari xodimlari
va xizmatchilarini sunʼiy intellekt
yoʻnalishida oʻqitish tizimli tashkil etilyapti.
Prezidentimizning
2025-yil 17-yanvardagi qaroriga asosan amalga oshirilayotgan “Raqamlashtirish
orqali farovonlik sari dasturi” doirasida kam taʼminlangan oilalarning 2376
farzandi masofaviy tahsil oldi. Ular toʻrt yoʻnalish boʻyicha onlayn
platformalarida bepul oʻqitilib, tegishli sertifikat berildi.
— 2025-yilda 218
yosh va davlat xizmatchilari axborot texnologiyalari sohasidagi professional
oʻquv kurslarida tahsil olib, xalqaro sertifikatga ega boʻldi. Shuningdek, “Bir
million dasturchi” loyihasi doirasida “Coursera” taʼlim platformasidagi bepul
oʻquv kurslarida 32 ming 471 yosh oʻqitildi, —
deydi AT parkining Surxondaryo viloyati filiali
boshligʻi Jaʼfar Hayitov. — Shuningdek, “Bir mahallada yetti dasturchi”
loyihasi doirasida 669 yosh nemis va boshqa xorijiy tillardan B2 darajadagi,
3269 nafar yigit-qiz esa ingliz tili boʻyicha C1 va B2 darajadagi xalqaro
sertifikatlarni qoʻlga kiritdi.
Termiz shahridagi
AT parkida zamonaviy mehnat bozori talabidan kelib chiqib 7 ustuvor yoʻnalish
boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilgan. Ularda yoshlar raqamli texnologiyalar
sohasi boʻyicha kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlab, malakali mutaxassis boʻlib
chiqadi. Parkda uchta masofaviy xizmat koʻrsatish markazi ham tashkil etilgan.
Ularda 100 dan ziyod yoshlar zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida faoliyat
yuritib, yuqori daromadli va barqaror ish oʻrinlari bilan taʼminlangan.
— Markazimiz call
center yoʻnalishi boʻyicha faoliyat yuritadi. Mamlakatimiz va Rossiyaga
autsorsing xizmatlarini koʻrsatadi. 2025-yilda surxondaryolik 700 ga yaqin
kishini ish bilan taʼminladik. Hozir ham yangi xodimlar uchun ochiq ish
oʻrinlari mavjud, — deydi “IT call” MCHJ viloyat filiali direktori Komron
Zayniddinov. — Hozir turli loyihalar boʻyicha xodimlarni ishga qabul
qilyapmiz. Markazimiz chet tillarni biladigan, kompyuterda ishlash boʻyicha
bazaviy bilimga ega mutaxassislarni ham tayyorlaydi.
Sohada ish
oʻrinlarini ochishga jiddiy eʼtibor berilyapti. Xususan, “Unicon-Soft” MCHJ
Surxondaryo filiali joriy yilda qoʻshimcha ish oʻrinlarini tashkil etishni
maqsad qilgan. Eʼtiborlisi, ushbu MCHJ raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va
elektron hukumat yoʻnalishi boʻyicha dasturiy mahsulotlarni joriy etish,
tizimlardan foydalanishni oʻrgatish faoliyati bilan shugʻullanadi.
Keyingi yillarda
yoshlar orasida dasturchilik, veb-dizaynerlik, kompyuter texnologiyasi va AT
sohasiga qiziquvchilar koʻpayib boryapti. Bu bir tomondan, ilgʻor axborot
texnologiyalarining hayotimizga jadal kirib kelgani bilan bogʻliq boʻlsa,
boshqa jihatdan, mamlakatimizda barcha sohada raqamlashtirish jarayoni keskin
faollashishiga borib taqaladi. Oʻz-oʻzidan shunday sohalar boʻyicha oʻqitish
tizimi ham rivojlanib bormoqda. Hozir innovator, dasturchi, ixtirochi
yigit-qizlar safi ham kengaymoqda. Ular yaratgan zamonaviy qurilma, loyihalar
ishlab chiqarishga joriy qilinib, xalqaro bozordan joy olyapti. Ha, sohadagi
islohotlar ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
Raqamli xizmatlar sifatini oshirib, innovatsion yechimlarni joriy etish va AT
xizmatlari eksporti hajmini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Maktabgacha
taʼlimdan — oliy taʼlimgacha
Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga
koʻra, hududda 972 ta umumtaʼlim maktabi, 16 ta “Barkamol avlod” bolalar
maktabi va 17 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat hamda 487 ta
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud. Keyingi yillarda maktabgacha
taʼlim qamrovini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Yangi davlatga tegishli
va xususiy bogʻchalar ish boshladi. Mavjudlari zamonaviy standartlar asosida
jihozlandi. Sohaning barcha hududda birdek rivoj topishi yaxshi natija
beryapti. Xususan, vohaning markazdan olis qishloqlarida ham bolalarni maktabga
tayyorlash masalasi kun tartibidan tushmadi. Bu taʼlimning ilk bosqichidanoq
teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilayotir.
— 2025-yil
yakuniga koʻra, viloyatda maktabgacha taʼlimga qamrov 70,9 foizga yetdi. Buning
uchun mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan 4 ta, investitsiya dasturi doirasida
8 ta yangi bogʻcha qurildi hamda 19 ta MTM rekonstruksiya qilindi. Natijada
1845 ta oʻrin ochildi. Bundan tashqari, 145 ta oilaviy bogʻcha, davlat-xususiy
sheriklik asosidagi 7 ta MTT, 171 ta majburiy bir yillik maktabga tayyorlov
guruhlari tashkil etilishi tufayli 13 ming 500 ta oʻrin ochildi. Shuningdek,
“Aqlvoy” loyihasi doirasida 11 ta avtobus bazasida 69 ta guruh shakllantirildi.
Ularga 1104 bola qamrab olingan, — deydi Surxondaryo viloyati maktabgacha va
maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jasur Mirzaqulov.
Qator maktablar
kapital taʼmirdan chiqarildi. Yangi binolar foydalanishga topshirildi. Ayniqsa,
taʼlim sifatini oshirish masalasiga katta eʼtibor qaratildi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilib, elektron jurnal va
kundaliklar amaliyotga keng tatbiq etildi. Hozir viloyatdagi umumiy oʻrta
taʼlim maktablarida 565 ming 563 oʻquvchi bilim olyapti.
Taʼlim sifatini
yaxshilash maqsadida malaka oshirish, qayta tayyorlash dasturlari va ilgʻor
tajribalarni ommalashtirish ishlariga ham jiddiy eʼtibor berildi. Pedagoglar
mehnatini qadrlash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida ham
muayyan ishlar qilindi. Buni oʻqitish sifatiga taʼsir koʻrsatayotgan muhim omil
sifatida baholash mumkin. Yillar davomida kasb-hunar taʼlimi tizimi mehnat
bozori talabiga moslashtirildi. Yoshlarni ish bilan taʼminlash, muayyan kasbga
yoʻnaltirish maqsadida amaliyotga asoslangan taʼlim kuchaytirildi.
— 2025-2026 oʻquv
yilidan boshlab, viloyatimizda 4 ta ishchi va 4 ta axborot texnologiyalari
yoʻnalishida kasb-hunar oʻrgatish yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda kasbiy taʼlim
ustasi vazifasi taʼsis etildi. Muhimi, kasb-hunar oʻrgatish amaliyoti yoʻlga
qoʻyilgan 30 ta maktab zarur jihozlar bilan toʻliq taʼminlandi, — deydi
Surxondaryo viloyati kasbiy taʼlim boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Qurbonov.
Oliy taʼlim sohasida yangi marralar sari qadam tashlandi. Xususan, viloyatda
yangi OTMlar va taʼlim yoʻnalishlari ochildi, xalqaro hamkorlik koʻlami
kengaydi. Ilmiy faoliyat, startap loyihalar va innovatsion tashabbuslar
qoʻllab-quvvatlandi. Bunday yangilanishlar yoshlarning raqobatbardosh
mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qilyapti. Soʻnggi yilda maktab
bitiruvchilarining oliy taʼlimga qabul qilinish koʻrsatkichi 3,1 foiz oshib,
38,7 foizga yetdi.
Hamkorlik
xorijiy tillarni oʻqitishda samara bermoqda
Til shunchaki
muloqot vositasi emas. Ilmiy yangiliklarni tezkor va puxta oʻzlashtirishda ham
muhim ahamiyatga ega. Shu bois, yangi Oʻzbekistonda taʼlimning eng quyi
boʻgʻinidan boshlab barcha bosqichda til oʻrgatishga jiddiy eʼtibor berilyapti.
Qolaversa, Prezidentimizning 2024-yil 4-apreldagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini
takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga
oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar
toʻgʻrisida”gi farmoni asosida yoshlarga xorijiy tillarni sifatli oʻrgatishda
taʼlim tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
— Viloyatimizdagi
universitetlar va maktablar oʻrtasidagi hamkorlik ilmiy-metodik bilimlar hamda
amaliyot bilan mustahkamlanyapti. Natijada oʻquvchilarning til bilish
koʻnikmasini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish osonlashyapti. Hozir
professor va dotsentlarimiz maktab oʻqituvchilari uchun maxsus malaka oshirish
kurslarini ochyapti. Kurslarda fanning yangi yoʻnalishlari, zamonaviy pedagogik
texnologiyalar, raqamli taʼlim vositalari va STEAM yondashuvi asoslari boʻyicha
amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Bunday kurslar maktab oʻqituvchilarining
kasbiy salohiyatini oshirish, taʼlim jarayoniga ilgʻor innovatsiyalarni tatbiq
etish va oʻqitish sifatini oshirishga xizmat qiladi, — deydi Termiz davlat
pedagogika instituti oʻqituvchisi Mehrinoz Saydullayeva. — Xorijiy tillarni
samarali oʻqitishda xalqaro tajribadan foydalanish muhim strategik vazifa. Bu
borada Finlyandiya taʼlim modeli eng samarali namuna deb koʻrilmoqda. Mazkur
davlatda 1-3-sinf oʻquvchilarining 92 foizi chet tilini (asosan ingliz tilini)
oʻrgana boshlaydi. Eʼtiborlisi, 7-sinfda ularning 99 foizi kamida ikkita
xorijiy tilni oʻzlashtiradi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti oʻtkazgan tahlillarga koʻra,
Finlyandiya oʻquvchilarining til oʻrganishga ragʻbati 78 foiz. Oʻzbekistonda bu
koʻrsatkich hozircha 52-55 foiz atrofida deb baholanmoqda. Fin taʼlim tizimida
oʻquv vaqtining taxminan 30 foizi kommunikativ vazifalarga, amaliy muloqot,
jamoada ishlash va real ssenariylarda til qoʻllashga yoʻnaltirilgan. Zamonaviy
metodlar chet tilini oʻqitishda nafaqat tezkor, balki holatga mos, individual
yondashuvni taʼminlaydi. Ular orqali oʻquvchi tilni faqat grammatika darajasida
emas, balki muloqot vositasi sifatida qoʻllaydi. Oʻzlashtirgan bilimni
amaliyotda sinovdan oʻtkazadi. Xalqaro tillarda mustaqil fikrlay oladi. Mazkur
jarayonda universitet va maktab hamkorligi muhim oʻrin tutadi.
Sarvar TOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri