"Ichan qal'a"da yangi mehmonxona ochildi

    O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov Xiva shahrida bo'lib, "Hotel Zarafshon boutique" mehmonxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

    “Xiva shahridagi “Ichan qal'a”ning ichida milliy uslubdagi, barcha zamonaviy talablarga muvofiq keluvchi yangi mehmonxona ochildi. Davlatimiz rahbarining farmoni bilan O'zbekiston bo'ylab sayohat qilish uchun 50 foizgacha bo'lgan subsidiya xizmatlari joriy etildi. Umuman olganda, ayni damda Ichan qal'ada ko'plab obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, tegishli sharoitlarni yaratish uchun kanalizatsiya, suv, elektr energiyasi, internet xizmatlari yo'lga qo'yilmoqda, barcha yo'laklar tartibga keltirilmoqda. Shunday ekan, Xorazm viloyatida turistik mavsumni ochiq deya e'lon qilib, barcha yurtdoshlarimizni bu erga sayohatga chorlaymiz!”, dedi Aziz Abduhakimov.

    Hotel Zarafshon boutique" mehmonxonasi Xiva shahridagi "Ichan qal'a" mahallasida tashkil qilingan bo'lib, 52 o'ringa mo'ljallangan. Ushbu loyihaga 5 milliard so'm mablag' sarflangan. Yangi mehmonxonaning ishga tushirilishi natijasida 20 dan ziyod kishi ish bilan ta'minlandi.

    Ta'kidlash lozimki, 2021 yilda Xorazm viloyatida 20 dan ortiq mehmonxona faoliyat boshlashi rejalashtirilgan.