“Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 28 Aprel 2022 2500

    Senatning yalpi majlisida “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

    Mazkur Qonun bilan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib, vazirlik huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari sohada davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ ekanligi hamda ularning vakolatlari belgilanadi.

    Isteʼmolchilarga asossiz hisoblangan toʻlovlarning yarmi miqdorida ichimlik suvi taʼminoti tashkilotidan kompensatsiya (penya) talab qilish huquqi beriladi.

    Shuningdek, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga oqova suvni chiqarish quvurlariga ifloslantiruvchi moddalarni meʼyoridan ortiqcha miqdorda oqizgan shaxslarga nisbatan kompensatsiya toʻlovlarini undirish huquqi beriladi.

    Qonunda ichimlik suvi taʼminoti tashkilotining tarmoqlari mavjud boʻlmagan hududlarga ichimlik suvi berish, quvurlardagi va konstruksiyalardagi avariyalar chogʻida hamda ichimlik suvi taʼminoti tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilayotganda, shuningdek favqulodda vaziyatlarda ichimlik suvini transportda yetkazib berilishi nazarda tutilgan.

    Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida sohani barqaror rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirishga moʻljallangan taʼsirchan huquqiy baza yaratilishiga, nosozliklar oqibatida ichimlik suvi isrof qilinishining oldi olinishiga, isteʼmolchilar tomonidan ichimlik va oqova suv quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarining oldini olishga, isteʼmolchilar va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida ochiq va teng huquqli mexanizmlar joriy etilishiga erishiladi.

    Ushbu Qonun ham senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.