Taniqli ishlab chiqaruvchilarning ichimlik suvi sifati talablarga javob beradimi?

Yoz… Jazirama issiq…. Aynan shunday ob-havo sharoitida yurtimizda shishali ichimlik suviga boʻlgan talab keskin oshishi kuzatiladi. Koʻpchilik bunday idishdagi ichimlik suvlarini nafaqat koʻchada issiq ob-havo sharoitida, balki uy sharoitida kundalik ehtiyoj uchun ham ishlatadi. Tanlovda adashmaslik uchun nima qilish kerak? Mazkur savolga javob berish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan 5 ta taniqli shishada qadoqlangan ichimlik va mineral suvlari savdo belgilari tanlab olindi va ularning xavfsizlik va sifat koʻrsatkichlarini aniqlash maqsadida sinov laboratoriyalariga yuborildi. 

Muhim sinov

Gazlanmagan ichimlik suvining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini oʻrganish maqsadida Agentlik tomonidan Toshkent shahridagi chakana savdo obyektlaridan quyidagi savdo birliklariga mansub ichimlik suvlari xarid qilindi:

  1. “Silver Water” gazlanmagan tabiat-ichimlik suvi, “SILVER VITA” MCHJ, Oʻzbekiston (0,5 l);
  2. “Montella Daily” gazlanmagan tozalangan ichimlik suvi, “NAVRUZ INTERNATIONAL CORP” MCHJ QK, Oʻzbekiston (0,5 l);
  3. “Bon Aqua” gazlanmagan ichimlik suvi, “COCA-COLA UZBEKISTON ICHIMLIGI LTD” MCHJ, Oʻzbekiston (0,5 l);
  4. “Hydrolife” gazlanmagan, artezian, togʻ-ichimlik suvi, “HYDROLIFE BOTTLERS” MCHJ, Oʻzbekiston (0,5 l);
  5. “Nestle Pure Life” ichimlik suvi, “LACTALIS CENTRAL ASIA”, MCHJ QK, Oʻzbekiston (0,5 l).

5 ta mahsulot namunalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida sanitar-gigiyena, radiologiya, mikrobiologiya va parazitologiya talablariga muvofiqligi sinovdan oʻtkazildi.

Oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga koʻra barcha gazlanmagan ichimlik suvlari yuqoridagi talablarga muvofiqligi aniqlandi.

Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan yer osti va yer usti suv manbalaridan foydalanish uchun berilgan ruxsatnomalar toʻgʻrisida taqdim qilingan maʼlumotlar oʻrganildi.

Oʻrganishlar natijasida “NAVRUZ INTERNATIONAL CORP” MCHJ QK suvdan foydalanishga ruxsatnomasi mavjud emasligi va ushbu holat qonun buzilishi hisoblanmasligi aniqlandi. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining “Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlash toʻgʻrisidagi” 2018-yil 31-martdagi qarori 2-bandiga muvofiq, ushbu Reglament talablari kommunal suv quvurlari va kanalizatsiyaning markazlashtirilgan tarmoqlaridan foydalanishga jismoniy shaxslar tomonidan sutkasiga 5 m3gacha suvdan umumiy foydalanilganda tatbiq etilmasligi belgilangan.