Ichki bozor bugʻdoy, un va oʻsimlik yogʻi mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli taʼminlanadi

    Agrosektor 8 Aprel 2022 1273

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi “Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 147-son qarori qabul qilindi.

    Mazkur qaror mazmun-mohiyatiga koʻra, “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi tomonidan Qozogʻiston Respublikasining “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bugʻdoyni eksport qiluvchi boshqa korxonalaridan 2022-yil aprel — iyul oylarida 100 ming tonna 3-sinf bugʻdoyni (bir qismi un) yetkazib berish boʻyicha import shartnomalari imzolanadi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan yana 500 ming tonna bugʻdoyni import qilish zarurati yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritadi.

    Import qilingan bugʻdoy (un) va oʻsimlik yogʻi hajmlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining takliflari asosida birja savdolari orqali sotilishi belgilab qoʻyildi.

    Bugʻdoy va oʻsimlik yogʻi importi boʻyicha tegishli ruxsatnomalarning qisqa muddatda rasmiylashtirilishini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yuklatilgan.

    S.Zuparov,

    Don, urugʻlar va ularni qayta ishlashdan olingan

    mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi boshligʻi