Farmonga koʻra, ichki bozorda raqobat muhitini rivojlantirish sohasida quyidagilar belgilandi, jumladan:
- olib kirilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi 1994-yildagi Tariflar va savdo boʻyicha General kelishuv (GATT) va 1994-yildagi mazkur kelishuvning VII-moddasini qoʻllash toʻgʻrisidagi Kelishuvda belgilangan umumiy tamoyil va qoidalarga toʻliq muvofiq keltiriladi;
- tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda imtiyozlar yoki maxsus bojxona rasmiylashtiruvi tartiblari, jumladan, muayyan aniqlash usullarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi bekor qilinib, ularga muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
2025-yil 1-maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi bekor qilinadi hamda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi.