Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish boʻyicha manzilli choralar” Konsepsiyasi tasdiqlandi.

Mahallalarda alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlar hamda manzilli choralar bilan ilmiy-amaliy yondashuvlarni uygʻunlashtirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va xavfsiz muhitni yaratish Konsepsiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Konsepsiyaga koʻra, tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi va prokurorning xizmat xonasi 2025-yil yakunigacha bevosita mahallada tashkil etilib, kundalik ishining boshlanishi va yakuni aynan oʻsha yerda amalga oshiriladi.

Mahallalarda bosqichma-bosqich mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Ijtimoiy profilaktika obyektlari, ayniqsa, oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslarning (janjalkash va nizoli oilalar) holidan majburiy ravishda kamida har 3 kunda xabar olish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolar oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi “mahalla targʻibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.

Mahalladagi jamoat joylari, koʻp qavatli turarjoy va uylar oldida “tashvish” tugmalari oʻrnatiladi.