Taʼkidlanganidek, sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 95,2 foizi fosh etilgan. Tergov organlari qidiruvida boʻlgan 2446 nafar shaxs ushlangan va 436 nafar bedarak yoʻqolganlar topilgan. Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan 20 994 ta jinoyatlar aniqlangan.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan oʻrganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Xususan, oʻtgan 2020-yilda respublika miqyosida 62 081 ta jinoyatlar qayd etilgan boʻlib, 100 ming aholiga nisbatan oʻrtacha 182,4 tadan toʻgʻri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning oʻz vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2020-yilda qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi (143 tasi, 35,2%), ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 192 tasi (20,5%) oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga oʻz vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 379 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati yaʼni 50,5 foizi (7 264 tasi) Toshkent, Buxoro, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi. Eng achinarlisi, oʻz joniga qasd qilish holatlarining har oltinchisi aynan oʻz vaqtida hal etilmasdan qolgan oilaviy kelishmovchiliklar bois sodir etilgan.

Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 2020-yilda 5 774 nafar xotin-qizlar tomonidan 5 520 ta jinoyat sodir etilgan.

Xususan, oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning
14 774 nafariga “himoya orderi” berilgan boʻlsa, shundan 317 ta holatda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yoshlar bilan ishlashda hanuz koʻplab muammolar saqlanib qolayotganligi, ularni bartaraf etishga yetarli darajada eʼtibor qaratilmaganligi oqibatida 2020-yilda respublikada qayd etilgan har toʻrtinchi jinoyat (14 378 ta yoki 23,2%) yoshlar, shundan 4052 tasi ish bilan band boʻlmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Bundan tashqari, 9 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan taʼminlash masalalari samarali hal etilmayotganini koʻrsatadi.

Respublika boʻyicha umumiy yoʻl-transport hodisalari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan boʻlsa-da, yoʻllarda harakatlanish uchun xavfsiz sharoit yetarli darajada tashkil qilinmaganligi oqibatida 1962 nafar shaxs vafot etgan.

Majlisda senatorlar tomonidan aholi oʻrtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Xususan, bundan buyon masʼul vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa, bandligi taʼminlanmagan yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlarning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralari koʻriladi.

Sodir etilgan jinoyatlarni davlat idoralarining oʻzida, shuningdek, “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish mexanizmi joriy qilinadi.

Chiroqchi tumani va Andijon shahrida xodimlar tomonidan sodir etilgan qiynoq bilan bogʻliq holatlarga yoʻl qoʻymaslik, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik maqsadida 485 ta alohida maxsus soʻrovxona tashkil etilgan. Bundan buyon olib kelingan fuqaro bilan qatʼiy ravishda mazkur xonalarda suhbat oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, mahallalardagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, ular “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi.

Aholi osoyishtaligini taʼminlash va mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizim joriy etiladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati