Malakali olim bilan suhbatda oshqozon kasalliklarining kelib chiqishi, rivojlanish jarayoni, uni samarali davolash, shuningdek, kundalik sharoitda bilishimiz lozim boʻlgan jihatlar haqida soʻz boradi:
— Tibbiyotda ovqatlanish madaniyatiga inson salomatligining asosiy tayanchlaridan biri deb qaraladi...
— Insonda qanday kasallik kuzatilsa, organizmdagi qonuniyatlardan birortasining buzilishi bilan bogʻlaymiz. Agar biz ovqatlanish meʼyoridan chetga chiqsak, oshqozon, oʻn ikki barmoqli ichak va qiziloʻngachda turli xil kasalliklar boshlanishiga zamin yaratgan boʻlamiz.
Gastrit, qiziloʻngachdagi yalligʻlanishlar kabi kasalliklar pala-partish va notoʻgʻri ovqatlanish sabab yuzaga keladi. Ertalab nonushta qilayotganimizda “nima yangiliklar bor ekan”, deya telefonimizni qoʻlga olamiz. Nima isteʼmol qilayotganimizni unutamiz. Qanday ovqat isteʼmol qilishimizga qarab, oshqozon oldindan shira ajratadi.
Biz esa, organizmimizni eshitmaymiz, unga qanday vitamin yoki mahsulot yetishmayapti, bundan bexabarmiz.
Ovqatlanish bevosita immunitet tizimiga ham taʼsir koʻrsatadi. Nimaga hozirda koronavirus ayrim insonlarda yengil oʻtyaptiyu, ayrim insonlarda ogʻir oʻtib, hatto oʻlim holatigacha olib boradi? Bularning barchasi bizning immunitetimizga bogʻliq. Immunitet esa oʻz-oʻzidan toʻgʻri ovqatlanish bilan chambarchas bogʻliq.
Oʻz vaqtida ovqatlanib, organizmingizga katta yaxshilik qilgan boʻlasiz. Qolaversa, isteʼmol qilinayotgan taom kaloriyasi bilan sarf qilinayotgan energiya ham teng boʻlishi kerak. Ayniqsa, kechki taom sifatida yengilroq hazm boʻladigan ovqatlarni menyuga kiritish zarur. Uyqudan 2-2,5 soat avval biz kechki taomni isteʼmol qilgan boʻlishimiz kerak. Uyquga yotayotgan vaqtimizda ovqat hazm boʻlishi shart, chunki oshqozon ham dam olishga haqli.
— Surunkali yalligʻlanishlar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz…
— Koʻpchilik bemorlar oʻt qopimda muammo bor, deb kelishadi. Siz shu muammo borligini bilarkansiz, tuzatish uchun nima qildingiz, deb soʻrayman? Oshqozonda ogʻriq boʻlsa, ishtaha yoʻqolsa, aksa kuzatilib, jigʻildon qaynasa, ovqatlanganda undan rohat sezilmasa ham bunga eʼtiborsiz yuradigan insonlar koʻp. Hatto bir necha kun davomida kuzatilgan ogʻriqning oʻtib ketishiga umid qilib yashashadi. Bunaqa paytda “oʻtib ketadi” deb kutish kerak emas. Oʻtsa ham bu vaqtinchalik. Buning sababini aniqlash kerak.
— Oshqozon ogʻriganda, odatda “ogʻriq qoldiruvchi dori ich, oʻzingga kelasan”, degan gaplarni koʻp eshitganmiz. Shu bilan cheklanish toʻgʻrimi?
— Eng avvalo, ogʻriq nimaligini bilib olishimiz kerak. Ogʻriq — organizmda kechayotgan kasallikni ong ostiga yetkazib berish signali hisoblanadi. Shifokorlar ogʻriqning turiga qarab, bemordan soʻrab tashxis qoʻyadi. Bemor shifokorning savollariga toʻgʻri javob berishi lozim. Ichki aʼzolarni tashxislash murakkab jarayon.
Masalan, appenditsit 99 foiz jarrohlik yoʻli bilan davolanadi. Bunaqa paytda “qornimda ogʻriq bor”, deb dori ichib yurilsa, ichak yorilib ketishi mumkin. Bu esa inson hayoti uchun xavfdir. Biz uchun oddiy koʻringan ogʻriq qoldiruvchi dorilarni ham shifokor koʻrsatmasisiz ichib boʻlmaydi. Bu ayrim kasalliklarda jarayonni yana-da tezlatib yuborishga sabab boʻlishi mumkin. Oshqozon ichak kasalliklarini taxshislash uchun eng samarali tekshiruv usuli — endoskopiya hisoblanadi. Maxsus naychadagi kamera oshqozon ichak kasalliklarini aniq tashxislash uchun xizmat qiladi. Bu esa toʻgʻri davolash choralarini koʻrishga hissa qoʻshadi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.