Avstraliyalik olimlar inson organizmidagi hujayralarni uch oʻlchamda chop etuvchi universal xirurgik apparat — maxsus 3D-printer yaratdi. Yangilik sunʼiy yoʻgʻon ichak yuzasida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Yaʼni qurilma endoskop singari tanaga kirib borib, implantatsiya uchun zarur biomateriallarni bevosita ichki organlar va toʻqimalar yuzasiga yetkazib berdi.

Maʼlumki, anʼanaviy 3D-printerda ichki organlar, xususan, hujayralarning uch oʻlchamli shaklini yaratish va ularni bemorlarga implantatsiya qilish uchun ochiq usuldagi operatsiyalarni oʻtkazish talab etiladi. Bu esa organizmga infeksiyalar yuqish xavfini oshirishi, shubhasiz.

“Biz ishlab chiqqan qurilma kam invaziv yoʻl bilan biomateriallarni bevosita toʻqimalar yoki organlarga yetkazib beradi. Oʻz navbatida, oshqozon devori yoki yoʻgʻon ichak yalligʻlanishlarida tanadagi yaralar oʻrnini 3D tiklash imkonini beradi" — deydi tadqiqot mualliflari.

Olimlar xulosasiga koʻra, yaqin yillarda ushbu innovatsion texnologiya yordamida juda mitti kesmalar orqali organizmning yetib borish oʻta murakkab nuqtalarida ham samarali muolajalarni bajarish imkoniyati yuzaga keladi.