Ichki turizmni ragʻbatlantiruvchi subsidiyalar miqdori tasdiqlandi

    Turizm 1 May 2021 1291

    Unga koʻra, aviatashuvchilarga mamlakatimizdagi ichki aviaqatnovlar chipta narxlarining 25 foizi hamda turoperator va turagentlar tomonidan mahalliy sayyohlar uchun tashkil etilgan turlarga avia- va temiryoʻl chiptalari narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratiladigan avia- va temiryoʻl yoʻnalishlari belgilandi.

    Maxsus komissiya tomonidan subsidiyalanadigan 10 ta aviaqatnov yoʻnalishi chipta narxlarining eng yuqori summalari ham tasdiqlandi. Misol uchun, «Samarqand-Namangan» aviaqatnovidagi chipta narxi 666 782 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, aviatashuvchiga beriladigan subsidiya hisobiga ushbu chipta narxining eng yuqori summasi 500 086 soʻmni tashkil etdi. Chipta turoperator orqali xarid qilinganda esa uning narxi 425 073 soʻmni tashkil qiladi.

    Turoperatorlar va turagentlar tomonidan tur doirasida xarid qilingan «Andijon-Xiva-Andijon», «Termiz-Qarshi-Xiva» va «Termiz-Qarshi-Samarqand» yoʻnalishlari subsidiyalanadigan yoʻnalishlarga kiritildi.

    Shu bilan birga, Maxsus komissiya qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-apreldagi 109-son qarorida nazarda tutilgan jamoaviy chiptalarni sotib olish guruhidagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha boʻlganda - 10 foizli, 25 va undan ortiq kishilik guruh uchun esa 15 foizli chegirmalar ham saqlanib qolindi.

    Maxsus komissiya qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi 964-son qaroriga asosan yoʻlovchi poyezdlari chipta narxlariga (tariflar) oʻzgarish kiritilgan taqdirda bu toʻgʻrisida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Turizm va sport vazirligining rasmiy saytlari hamda boshqa OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarda keng eʼlon qilinib borilishi belgilandi.

    Shuningdek, qaror bilan respublika boʻylab joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlarining subsidiyalanadigan eng yuqori (cheklangan) darajasi (summasi) 250,0 ming soʻm etib tasdiqlandi.

    Bunda turoperator va turagent tomonidan respublika boʻylab tashkil etilgan tur davomida mehmonxona xizmatining 10 foiz miqdoridagi subsidiyalanadigan eng yuqori summasi 25,0 ming soʻmdan oshmasligi belgilandi.

    Prezidentimizning ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish toʻgʻrisidagi Farmonining imzolanishi Fargʻona vodiysida istiqomat qiluvchi aholining ham Buxoro, Samarqand hamda Xorazm viloyatlariga, ushbu hududlar aholisini esa Fargʻona vodiysiga sayohat qilishlari uchun qulay imkoniyat taqdim etdi.

    Xususan, joriy yilning fevral oyida yoʻlga qoʻyilgan «Urganch-Fargʻona-Urganch» aviayoʻnalishining birinchi oyida samolyotlarning bandligi 43,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, turoperator va turagentlarga yaratilgan qoʻshimcha imkoniyat natijasida samolyotlar bandligi mart oyida 87,9 foizga, yaʼni ikki barobarga oshdi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi 6165-son Farmoniga muvofiq yuqoridagi subsidiyalar boʻyicha toʻlovlar 2021-yil 1-martdan boshlab tashkil etilgan sayohatlar uchun qoplab beriladi.