Hujjatga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan 7 ta normativ-huquqiy hujjatga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, unda fuqarolar pasporti bilan bir qatorda identifikatsiya ID-karta yoki milliy haydovchilik guvohnomasidan foydalangan holda bank xizmatlaridan foydalanishlari mumkinligi belgilandi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID–kartalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6065-sonli Farmoniga asosan 2021-yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini berish tizimi joriy etilgan.
Shu bilan birga, 2017-yil 19-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yana-da takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 389-sonli qarorining 6-bandiga asosan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilgan.
Normativ-huquqiy hujjatga kiritilgan mazkur oʻzgartirishlar bank va mijoz oʻrtasida shaxsni tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlarini taqdim etish bilan bogʻliq tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.