Unda maʼlum qilinganidek, 22-maydan 5-iyunga qadar Namangan 61-xalqaro gullar festivali munosabati bilan mehmonlarni kutadi. “Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Madaniyat va istirohat bogʻida ikki hafta davomida shahar aholisi va sayyohlar madaniy dastur va gullar paradidan bahramand boʻlishadi”, deb yozadi manba.

Maqolada Namangan gullar festivali 1961-yildan buyon oʻtkazilib kelinishi oʻquvchilarga maʼlum qilinar ekan, ushbu tadbirda xorijiy floristlar, ikebana sanʼati ustalari, Bobur Madaniyat va istirohat bogʻi, Yozuvchilar xiyoboni va “Afsonalar vodiysi” xiyobonini bezatadigan peyzaj dizaynerlari ishtirok etishi maʼlum qilingan.

“Festival tantanali gullar paradi bilan boshlanadi. Soʻngra mehmonlar «Qaldirgʻoch” xalq raqs ansamblining madaniy dasturi, maqom ansamblining chiqishlari, milliy dorbozlar tomoshalari namoyishi, viloyat sportchilari tomonidan tayyorlangan mahorat darslaridan bahramand boʻlishadi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimov xotirasiga bagʻishlangan “Kamoliddin izdoshlari” tanlovi va yosh dizaynerlar tanlovi boʻlib oʻtadi. Gullar ifori va ularning goʻzalligidan bahramand boʻlishni istasangiz Namanganga – gullar shahriga keling», deb yozadi IHT Madaniyat instituti veb-sayti.