Xalq taʼlimi vazirligi mazkur savollar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:
Maktablarda joriy oʻquv yili ota-onalarning ixtiyori asosida onlayn hamda anʼanaviy shaklda yoʻlga qoʻyildi. Biroq afsuski, bugungi kunda mavjud vaziyatni toʻgʻri tushunmasdan, ayrim ota-onalar tomonidan farzandini maktabga yubormaslik bilan birga, “Onlayn darslar” vaqtida farzandini dars qilishini taʼminlash oʻrniga, koʻchada yurishiga yoʻl qoʻyayotgan yoki uni boshqa ishlar bilan band qilib qoʻyish holatlari kuzatilmoqda.
Aytish joizki, farzandlarimizning zoye oʻtayotgan har bir kuni uning ertangi kelajagiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi, bolaning maktabda taʼlim olishini hech qanday eng zamonaviy texnologiyalar bilan ham oʻrnini bosib boʻlmaydi.
Shu sababli hurmatli ota-onalarimizdan, uyda bolaning televideniye orqali onlayn taʼlim olishiga toʻlaqonli sharoit yaratishning imkoni boʻlmasa, farzandlarini maktabga yuborishlarini soʻrab qolamiz.
Bugungi kunda Respublikamizdagi 10008 ta maktablarning deyarli hammasida anʼanaviy taʼlim olish imkoniyati yaratilgan. Oʻquvchilardan 4,6 mln. nafari, yaʼni 74% anʼanaviy, qolgan 1,6 mln nafari, yaʼni 26% onlayn shaklda tahsil olmoqda.
Xalq taʼlimi vazirligi oʻquvchilarning taʼlim shakli toʻliq anʼanaviyga oʻtish boʻyicha qaror qabul qilingan taqdirda vazirlikning rasmiy manbalari orqali maʼlumot beradi.
Eslatib oʻtamiz, onlayn taʼlim shakli toʻliq bekor qilingan taqdirda ham “Onlayn maktab” loyihasi doimiy ravishda davom ettirilishi koʻzda tutilgan, bu oʻz navbatida chekka hududlardagi oʻquvchilarga sifatli qoʻshimcha taʼlim olish uchun imkoniyat yaratadi.